Yurt sharafini ulug‘lagan muzaffar sportchilarimiz Vatanga qaytdi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan XX Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza, jami 70 ta medalga sazovor bo‘lib, 45 mamlakat orasida faxrli beshinchi o‘rinni egalladi.
Vatanimiz nomini ulug‘lab, qit’amizda o‘zbek sportining o‘z o‘rni, salohiyati borligini namoyish etgan mamlakatimiz sport delegatsiyasini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat vakillari, Sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi va Paralimpiya qo‘mitasi rahbariyati, Toshkent shahar hokimligi, sport jamoatchiligi vakillari hamda muxlislar tantanali kutib oldi.
Osiyo Olimpiya kengashi shafeligida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 davlatidan 11 ming nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi. 16 kun davom etgan musobaqalar sportning 43 turi va 71 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilib, unda sportchilar 469 ta bahsda jami 1 ming 407 ta medal uchun raqobatlashdi.
To‘rt yillikning eng nufuzli kompleks o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi sportning 42 turi bo‘yicha bahslarga kirishdi. Shundan 36 tasi olimpiya, 6 tasi noolimpiya sport turlaridir. Milliy terma jamoalarimiz tarkibida 396 nafar sportchi — 224 nafar erkak va 172 nafar ayol mamlakatimiz sharafini himoya qildi.
Sportchilarimiz sohil voleyboli, voleybol, yelkanli sport, skvosh va MMA bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdi. Shuningdek, musobaqalar davomida kamondan otish, chim ustida xokkey, tennis, serfing, triatlon va skvosh bo‘yicha «Los-Anjeles–2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar uchun bahslashdi.
Mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasi o‘laroq qit’a miqyosida o‘tkaziladigan har to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
XX Osiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini ulug‘lagan sport delegatsiyasini tantanali kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi va Prezidentimiz tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, marosimda ishtirok etgan hukumat vakillari, vazirlik, tashkilot mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, shoirlar, san’atkorlar Osiyo o‘yinlarining tafsilotlari, sportchilarimiz erishgan g‘alabalar xususida to‘lqinlanib so‘zladi.
G‘olib sportchilar nomidan so‘zga chiqqan O‘zbekiston sport delegatsiyasi bayroqdori, boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari chempioni To‘rabek Habibullayev, yengil atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Barnoxon Sayfullayeva, shuningdek, qit’amizning eng nufuzli sport tadbirida delegatsiyamiz hisobiga eng ko‘p oltin medal taqdim etgan kurash bo‘yicha terma jamoalarimiz bosh murabbiyi Rizamat Soliyev va boshqalar «Aichi-Nagoya – 2026» musobaqalarining ahamiyati, davlatimiz tomonidan sportchilar uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar erishilgan muvaffaqiyatlarning asosiy omili bo‘lganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston sportchilari qit’aning eng nufuzli musobaqasida muvaffaqiyatli qatnashishida davlatimiz rahbarining 2025-yil 8-iyuldagi “2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha sharoit yaratildi.
Osiyo o‘yinlarida 2028-yili Los-Anjeles shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tadigan XXXIV yozgi Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sha’nini himoya qiluvchi sportchilarimizning imkoniyati va salohiyati yana bir bor sinovdan o‘tkazildi. Yaponiyada qayd etilgan natijalar o‘zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar sportchilarni kompleks musobaqalarga tayyorlashni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yganini ko‘rsatdi.
— O‘g‘lim Abdumalikning Osiyo o‘yinlarida yana bir bor chempion bo‘lib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targanidan juda xursandman. Bu g‘alaba bizga beqiyos quvonch va faxr bag‘ishladi, — deydi Osiyo o‘yinlarining ikki karra g‘olibi Abdumalik Xalokovning onasi Nigora Yakubova. — Farzandlarimizning sportda o‘z iqtidorini namoyon etishi, xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etishi, sportga qaratilayotgan yuksak e’tibori, ular uchun barcha sharoitlarni yaratib bergani uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy tashakkurimni bildiraman. Ilohim, o‘g‘lim kelgusidagi Olimpiya o‘yinlarida ham yana bir bor chempion bo‘lsin va Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, xalqimizni yana ko‘p bor xursand qilsin.
Ha, sportchilarimiz Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, tajriba va salohiyatini namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Bu mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek sportining yorqin kelajagini ta’minlashga qodir sportchilar tarbiyalanayotgani, ularni kelgusida yanada yuksak g‘alabalar kutib turganidan dalolatdir.
Bu galgi Osiyo o‘yinlarida 28 mamlakat vakillari oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 37 ta davlat sportchilari kamida bitta sovrinli o‘rin sohibi bo‘ldi. Yaponiyadagi musobaqalar davomida bir qator sport turlari bo‘yicha 89 ta Osiyo rekordi yangilandi. Shuningdek, musobaqalarda 54 ta jahon rekordi, 212 ta Osiyo o‘yinlari rekordi va 11 ta jahon o‘smirlar rekordi qayd etildi.
Quvonarlisi, ushbu rekordlar orasida o‘zbek polvoni va mergani ham o‘rin oldi. Jumladan, qit’a o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha erkaklar o‘rtasida 110 kilogramm vaznda ishtirok etgan hamyurtimiz Akbar Jo‘rayev oltin medalga ega chiqdi. U dast ko‘tarishda dastlab 190 kilogramm og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, Osiyo o‘yinlari rekordini yangilagan bo‘lsa, uchinchi urinishda 197 kilogramm natija qayd etib, jahon rekordini yangiladi. O‘q otish bahslarida Vladimir Svechnikov 10 metr masofadan pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida 244,3 ochko jamg‘arib, Osiyo o‘yinlari rekordini yangiladi. Ushbu natija unga oltin medalni ham taqdim etdi.
– Osiyo o‘yinlarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimiz sharafini yana bir bor ulug‘laganimdan xursandman, – dedi og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Akbar Jo‘rayev – Biz minglab sport muxlislari, xalqimizning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashini his qilgan holda bellashuvlarga kirishdik. Osiyo o‘yinlarida jahon rekordini yangilaganim va musobaqadagi muvaffaqiyatimiz mamlakatimizda sportni rivojlantirish, nufuzli sport musobaqalarida munosib ishtirok etish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
Osiyo o‘yinlarida hamyurtlarimiz Eron, Tailand, Qozog‘iston, Xitoy Taypeyi, Bahrayn, Shimoliy Koreya, Gonkong, Indoneziya, Qatar, Singapur, Malayziya, Vetnam, Kuvayt kabi sport sohasida rivojlangan davlatlarni ortda qoldirdi. Umumjamoa hisobida Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin faxrli beshinchi o‘rinni egallab, O‘zbekiston sporti tarixida yana bir yorqin sahifa ochdi. Ayni holat sportchilarimizni 2028-yili Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida, 2030-yili Qatarning Doha shahrida o‘tadigan navbatdagi Osiyo o‘yinlarida bundanda yuksak muvaffaqiyatlarga erishishiga mustahkam zamin hozirlashi shubhasiz.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov ishtirok etdi.
Javohir TOSHXO‘JAEV,
To‘lqin RO‘ZIEV,
Alimurod Mamadaminov (surat)
O‘zA muxbirlari