Qahramonlar nomi barhayot
So‘lim maydon. O‘n ikki yulduz. Ularga zarhal harflar bilan bitilgan 196 nafar qahramon nomlari. Bu “G‘alaba bog‘i” hududida qad rostlagan “Millat fidoyilari” xiyoboni.
Xiyobon davlatimiz rahbarining tashabbusi va g‘oyasi asosida shu yil bunyod bo‘ldi. Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Qariyb ikki metrli yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi.

Yulduzlardagi bitiklar yoniga monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilari to‘g‘risida ma’lumotlar foto va videolar orqali namoyish etib boriladi. Ya’ni, ularning faqat nomi emas, bolaligi, orzulari, oilasi ko‘z oldimizda jonlanadi.
Xuddi ana shunday qahramonlardan biri serjant Ulug‘bek Barnoyevdir.
Ichimni timdalayotgan bu savol javobini juda ko‘p o‘yladim. Negadir bu safar Vatan ostonadan boshlanadi degim yo‘q. Vatan qayerdan boshlanadi? O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning «Osmonning oxiri» dostonida «Osmonning oxiri qayerda?» qabilida savol o‘rtaga tashlangandi. Hech kim aniq javob topolgan emas bu savolga. «Irmoqning oxiri daryo. Daryoning oxiri dengiz. Osmonning esa oxiri yo‘q», deydi. Meni o‘ylantirayotgan bu savol yuki ko‘nglimni sergak torttirdi.
Vatan qayerdan boshlanadi?
Samarqandda bo‘lgan safarimiz davomida Vatanimiz tinchligi yo‘lida jon bergan qahramonlarimiz uylarida mehmon bo‘ldik. Shu suhbatlar davomida savollarimga javob topgandek bo‘ldim. Xulosalarimni esa, so‘zimning so‘nggida aytib o‘taman.

Kattaqo‘rg‘on shahriga yo‘lingiz tushgan bo‘lsa, shaharga ketaverishdagi ko‘chalardan biriga qahramon yigitning nomi berilgan. Peshtaxtada mag‘rur turgan suratni ko‘rib, ko‘zingiz oldida yovlarga boshini egmagan, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida mardlarcha jon bergan yigitning siyrati jonlanadi.
“Vatan sendan ajralmoq – mening o‘limim,
Sen uchun o‘lmoq – mening tirikligimdir”, degan edi Abdurauf Fitrat.
Suratning tagida mana shunday bitiklar bor. Go‘yo bu misralarni shu yigitning o‘zi yurak qoni bilan yozgandek taassurot qoldirdi menda.
Shaharda kimdan borib so‘ramang, odamlar uning mardligi, tantiligi haqida yonib gapiradi.
Ulug‘bek Barnoyev deyishimiz bilan shu atrofda yurgan hamyurtlarimizdan biri shunday e’tirof etdi: «Biz farzandlarimiz shu yigitga o‘xshashini istaymiz. Uning jasorati, mardligi har bir o‘zbek o‘g‘loniga namuna bo‘la oladi». Yo‘l so‘rab yuzlanganimizda esa, bizga safardosh bo‘lib, qahramonimizning xonadonigacha kuzatib qo‘yishdi. Bir necha mahalla narida yashaydigan hamyurtlari e’tirofidan lol bo‘lib ketaverdik. Uyining ostonasiga yetganimizda darvozasi burchida osig‘liq turgan yurtimiz bayrog‘iga ko‘zimiz tushib, ko‘nglimizda iftixor tuydik. Aslida har bir yurak, har bir uyda Vatan bayrog‘i hilpirab turishi qanday go‘zal. Xalqimizda olma tagiga olma tushadi, degan naql bor. Bunday xonadonda tarbiya topgan insonlar Ulug‘bek Barnoyevday Vatan uchun jon olib, jon berishga tayyor, shu xalq, shu yurt tinchiligini har nedan ustun qo‘yadigan yigitni voyaga yetkazmay yana kimni tarbiyalasin.
Bizni yoshlari yetmishdan oshgan, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan nuroniy otaxon kutib oldi. Hol-ahvol so‘rashganimizdan keyin otaxonning gaplariga quloq tutdik.
– Alloh menga Ulug‘bekni ato qilganda quvonchim ichimga sig‘magan, uni ilk bor qo‘limga olganimda yuzida onamniki singari xoli borligini, kaftlari, barmoqlari otamniki kabi chayir, tug‘ilganidayoq barmog‘imni mahkam changallab ushlab turgani ko‘z oldimda hali-hanuz saqlanib turibdi. Ulug‘ekka doim "Ota" deb murojaat qilardim, jilmaygancha yugurib kelib oyoqlarimga o‘tirib olardi.
– Ulug‘bek haqida o‘ylasam bir voqea doim yodimga tushaveradi. Maktab yoshlarida bir ustozi bilan ona-bola tutinib, mendan kam yaxshi ko‘rmas edi. Ustozining ham Ulug‘bekka mehri bo‘lakcha edi. "Shu bolangizni men o‘g‘il qilib olay" deb holi-jonimga qo‘ymagan. Kunlardan bir kun bolam yig‘lab keldi, "gapir" desam, so‘zi tilida turmaydi «Ketyapti, ona» degan gapdan nariga o‘tolmay yig‘lagani-yig‘lagan. "Kim ketyapti, aniqroq gapir" desam, yana ho‘ngrab yig‘laydi. «Ustozim ketyapti», deganidan keyingina tushundim. Keyin bilsam, muallimi o‘z yurtiga – Qrimga ko‘chib ketayotganidan xabar topgan bolam, yaxshi ko‘rgan insonini qo‘yib yuborishni istamay yig‘lagancha yonimga kelgani shundoq ko‘zim o‘ngida. Bolam qanchalar mehr-oqibatli, yaqinlariga, Vataniga sodiq ekanligini anglaganman. Ustozi o‘quvchilari bilan vidolasharkan, Ulug‘bekka yaxshi o‘qishini tayinlab, qosh-ko‘zidan qayta-qayta o‘pib xayrlashgan. Murg‘ak ko‘ngli bu judolikka chidolmay gapini yutib yuborgan edi.
Suyukli ustozining to‘satdan aytgan bu gaplaridan bolamning yuragi qattiq og‘rigandi, o‘shanda. «Endi ustozimni ko‘rmayman, ona, xuddi sizdek yaxshi ko‘rardim, siz bizni hech qachon tashlab ketmang, onalar farzandlarini tashlab ketishlari yomon», deb tizzamga boshini qo‘ygancha ko‘zlaridan yoshlari duv-duv oqib, ko‘ylaklarimni ho‘l qilib yuborgandi. Ertasi kuni men ustozimni poyezdda kuzatgani boraman, deb quvonib yugurib keldi. Ustozining bugun ketishini ko‘cha-ko‘ydan eshitganmi, joyida turolmay, "Ona, menga sovg‘a bering, ustozimga berib yubormoqchiman", deb ko‘zlarimga iltimos nazari bilan termilib turdi. "Men hech narsa bermayman, o‘zing sandiqni ochda, nimani xohlasang, olib ket", dedim. O‘sha sandiqlarga yiqqan-terganimni Ulug‘bekning to‘yiga deb, solib qo‘yardim.
Meni ham qo‘yarda qo‘ymay o‘zi bilan olib ketdi. Vokzalga yetganimizdan so‘ng, yugurib hamma joydan ustozini qidirishga tushgan bolamni ko‘rib mening ham ko‘zlarimda yosh aylanib, yuzlarimni yuva boshladi. Bolam goh u vagonga, goh bu vagonga kirib ustozini izlardi. Bor ovozida ustozini chaqirardi. Olisdan "Ulug‘bek" degan ovoz keldi. Bolam jon-jahdi bilan ustozi tomon yugurib, mahkam bag‘riga bosgancha ketmasligini so‘rab yolvordi. Bizni ko‘rgan hamma yig‘ladi. Poyezd qo‘zg‘alaman deguncha ustozini bag‘ridan qo‘yib yubormadi, bolam. So‘ng ustozi ketayotganda "Meni unutmang, agar qaytib kelsangiz biznikida yashang", deb yig‘lagancha jo‘nab ketayotgan poyezdga termilib, ko‘rinmay ketgunicha joyida qotib qoldi. Mening shunday oqko‘ngil, jasur o‘g‘lim bor edi, – deb xo‘rsinadi, Sabohat ona.
O‘g‘lingiz barhayot, deyman ichimda, Vatanga aylanib ketgan o‘g‘lingiz, ona, deya pichirlayman.
Bu yurt bor ekan Ulug‘bek Barnoyevday qahramonlar hech qachon o‘lmaydi. Yuqorida Vatan qayerdan boshlanadi, degan savolni o‘rtaga tashlagandim, esingizda bo‘lsa. O‘zimning xulosalarimdan kelib chiqib aytamanki, Vatan yov ko‘ziga tik qarab turgan yigitlarning nigohida, ko‘ksini dushman o‘qi kelib teshgan onda ham zarracha g‘ururidan kechmay ko‘ziga tik qarab turgan askarlarning yurak qoni to‘kilgan joydan boshlanadi...
Muhammadali G‘OFFOROV,
jurnalist.
Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA