Bosh qomusimizga ko‘ra, har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi.
Bu konstitutsiyaviy me’yor amalda qanday ta’minlanmoqda? Mazkur savolga Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Mas’um Hotamov javob berdi:
– Haqiqatan ham Konstitutsiyada advokatura malakali yuridik yordam ko‘rsatishni ta’minlovchi asosiy institut sifatida qayd etilgan. Shu bois, odil sudlovga erishishda, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda advokatlarning o‘rni yuqori ekanligidan kelib chiqib, sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, advokaturaga kirishdagi ayrim to‘siqlar bekor qilindi. Advokatlarga yangi huquqlar berilib, ularning daxlsizligi, mustaqilligini ta’minlash, advokatlarning samarali faoliyat ko‘rsatishida ularning ishini yanada yengillashtirish, bu borada axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish asosiy vazifa sifatida belgilandi.
Xususan, aholining yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun advokatlar sonini ko‘paytirish maqsadida advokaturaga kirishdagi ayrim quyidagi to‘siqlar olib tashlandi. Advokat maqomini olish uchun ikki yillik yuridik staj talab etilishi bekor qilindi. Advokat maqomini olish uchun stajirovka o‘tash talablari yengillashtirildi, bunda ortiqcha hujjatlar talab etilishi, stajirovka davrida referat va ortiqcha hisobot topshirish talablari chiqarib tashlandi. O‘rindoshlik asosida ham advokat stajyori bo‘lib ishlashga ruxsat berildi. Talabgorlarga advokat maqomini olish bo‘yicha malaka imtihoniga hujjat topshirishning elektron tartibi yo‘lga qo‘yildi. Talabgorga imtihon o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy haqidagi ma’lumotlar elektron shaklda uning shaxsiy kabinetiga yuborilishi yo‘lga qo‘yildi.
Advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi uchun litsenziya berish “Litsenziya” axborot tizimi orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Bunda, litsenziya berish jarayonida inson omili mavjud emas, agar talabgor malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan va davlat boji to‘lovlari amalga oshirgan bo‘lsa, tizim avtomatik tarzda litsenziya beradi.
Advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish “yagona darcha” tamoyili asosida faqat elektron tarzda amalga oshiriladigan bo‘ldi. Advokatlik guvohnomasi QR-kod qo‘yilgan, maxsus himoya qatlamiga ega ID-karta shaklida berilishi belgilandi va advokatlarning guvohnomalari yangi namunadagi guvohnomalarga almashtirildi.
Shu kabi islohotlar natijasida advokatlar soni ko‘payib bormoqda. 2023 yilda 804 nafar shaxsga advokatlik faoliyati uchun litsenziya berilgan bo‘lsa, 2024 yilning birinchi yarim yilligida 319 nafar shaxsga litsenziya berildi. Bugungi kun holatiga advokatlik maqomiga ega faol advokatlar soni 5 ming 509 nafarni tashkil etmoqda.
Advokatlarning ishini yengillashtirish maqsadida advokatura sohasi raqamlashtirilmoqda. Xususan, “Yuridik yordam” axborot tizimi (e-advokat.uz) ishga tushirildi. Tizimda advokatlar elektron reyestri va advokatlarning shaxsiy elektron kabineti shakllantirildi.
Ushbu tizim orqali advokat orderini elektron shaklda olish imkoniyati yaratildi. Avvallari advokatlar orderni bosmaxonada chop etib, uni maxsus jurnallarga qayd etib yurgan bo‘lsa, hozirda orderni oson va tez elektron shaklda olish mumkin.
Shuningdek, advokatlar tizimdagi shaxsiy kabineti orqali arizalar yuborish, o‘z faoliyati haqida ma’lumotlarni kiritib borib, shaxsiy portfoliosini yaratish imkoniga ega bo‘ldi.
Shu bilan birga, “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi munosabati bilan davlat hisobidan yuridik yordam jinoyat ishlari bilan bir qatorda, fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ham ko‘rsatilishi belgilandi.
Davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslar doirasi kengaytirilib, mahkumlarga, psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilganligi bo‘yicha murojaat qilgan shaxslarga ham davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatilishi belgilandi.
Advokatlarni ham davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun ixtiyoriy tarzda shartnoma orqali jalb qilish tizimi yaratildi. Bugungi kunda o‘z ixtiyori bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish uchun shartnoma tuzgan advokatlar soni ming nafardan ortdi.
Davlat hisobidan advokatni jalb etish davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni tasodifiy elektron tanlash orqali amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda ushbu axborot tizimi tergov va sud organlarining axborot tizimi bilan integratsiya qilinmoqda. Endilikda tergov va sud organlari bilan bevosita axborot almashish, advokat so‘rovlarini va orderlarni elektron shaklda yuborish imkoniyatlari ishga tushiriladi.
Bugungi kunda belgilab olgan asosiy vazifalarimizdan biri – ushbu axborot tizimini yanada takomillashtirib, advokatlar foydalanishi uchun qulay tizimga aylantirishdan iborat.
Jumladan, hozirda ushbu axborot tizimining yangi versiyasi ishlab chiqilib, unda advokatlar uchun barcha organlarga gibrid pochta, e-xat orqali advokat so‘rovini elektron yuborish va unga javob olish, jismoniy va yuridik shaxslar bilan onlayn muloqot qilish imkoni yaratilmoqda. Shuningdek, unda advokat reytingi, advokatni baholash, o‘z ixtiyoriga ko‘ra masofadan turib elektron shartnomalar tuzish, surishtiruv, tergov va sud majlisi o‘tkaziladigan vaqt haqida elektron xabarnoma olish, statistik ma’lumotlarni avtomatik kiritish va hisoblash kabi yangi funksiyalar ishga tushirilishi kutilmoqda.
Norgul Abduraimova, O‘zA