O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 yillik bayrami munosabati bilan yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berildi.
O‘ziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarib, yurtimizda qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta’minlashga, huquq ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirishda o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh huquqshunoslarga bayram munosabati bilan maxsus unvon – martaba darajalari berildi.
Adliya vazirligida maxsus unvon o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

“2-darajali yurist” maxsus unvon – martaba darajasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi yuridik boshqarmasi yetakchi yuriskonsulti Mashrabjon Abduvaliyev hamda Toshkent shahar hokimligi yuridik boshqarmasi bosh yuriskonsulti Sherzod Solijanovga berildi.
“3-darajali yurist” maxsus unvon – martaba darajasi O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi yuridik boshqarmasi bosh yuriskonsulti Izzatbek Hayitbayevga berildi.
Bundan tashqari, 31 nafar yuridik xizmat xodimi turli darajadagi maxsus unvon – martaba darajalari bilan taqdirlandi.
Maxsus unvon – martaba darajalari uchun Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 maydagi 250-son qarorida yuridik xizmat xodimlariga qo‘shimcha haq to‘lab borishi lozimligi nazarda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat faoliyatining takomillashuvi jamiyatda qonuniylikni ta’minlashning muhim omilidir.
Adliya vazirligi axborot xizmati.