“Yurakka yo‘l” – inson qalbiga eltuvchi ezgu tashabbus
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholi muammolariga yaqindan yechim topish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda siyosiy partiyalar, xususan, O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur dastur doirasida joylarda amalga oshirilayotgan “Yurakka yo‘l” aksiyasi esa aholi bilan muloqotni yanada mustahkamlash, insonparvarlik tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim vositaga aylanmoqda.
Ushbu aksiya doirasida O‘zLiDeP Karmana tuman Kengashi raisi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Yusuf Murodov 33-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, tarbiyalanayotgan bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayoni va xodimlar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O‘rganish davomida muassasaning moddiy-texnik bazasi, bolalar uchun tashkil etilgan o‘yin va rivojlantiruvchi muhitga alohida e’tibor qaratildi.
Jarayonda muassasaning yaqinda o‘z faoliyatini boshlagani inobatga olinib, Yu.Murodov tomonidan 4 million so‘mlik zamonaviy va bolalar dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiluvchi o‘yinchoqlar taqdim etildi. Bu esa bolajonlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, ularning intellektual va ijodiy rivojlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri