Dunyoda millionlab qo‘shiq va kuylar bor. Ular orasida qalbimiz qo‘ridan joy olgan taronalar ham talaygina.
Ammo bir qo‘shiq borki, u millat va xalq, zamon va makon tanlamaydi. U yangraganda har bir fuqaro qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, unga hurmat bajo aylaydi. Bu – O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasidir!
1992 yil 10 dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Tarixiy ahamiyatga ega ushbu hujjat bilan bosh qo‘shig‘imizning matni va musiqasi tasdiqlandi. Shu yildan e’tiboran, madhiyamiz yurtimizda yashab kelayotgan turli millat va elatlarning faxru g‘ururiga aylandi. Mana, yigirma sakkiz yildirki, u jahon hamjamiyatining nufuzli minbarlarida davlatimiz ramzi sifatida baralla yangrab kelmoqda.
Go‘dak ona allasi bilan voyaga yetadi. Ota-onaga mehr, katta-yu, kichikka hurmat, yurtga sadoqat singari insoniy fazilatlar allaning ilohiy qudrati bilan vujudimizga singadi. Davlat madhiyamiz ham shunday qo‘shiqki, u yoshu qarini ezgu bir maqsad, ya’ni milliy mustaqilligimiz, erkin va obod hayotimizdan g‘ururlanish hamda faxrlanishga chorlaydi.
Atoqli adib, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov uning har bir satriga xalqimizning ona Vatanimizga bo‘lgan bor mehru muhabbatini, qalbdan otilib chiqqan otashin tug‘yonlarini jo aylagan. Buyuk bastakorimiz Mutavakkil Burxonov qalamiga mansub musiqa o‘zining jarangdor ohangi, tuyg‘ularni jo‘sh urdiruvchi, yuraklarni larzaga soluvchi navosi bilan ajralib turadi. Bu haqda muallif hali hayotlik chog‘idayoq: “men madhiyamizda o‘zbek intonatsiyasini singdirishga, Vatanimizga loyiq qo‘shiq yaratishga harakat qildim”, degan edi.
Shu bois, bosh qo‘shig‘imiz jarang sochganda unga barchamiz beixtiyor jo‘r bo‘lamiz. Madhiyamizni har tong, har har kun takror va takror eshitsakda, undan ruhiy, ma’naviy quvvat olamiz.
Unib-o‘sib kelayotgan avlodni barkamol voyaga yetkazishda ham davlatimiz madhiyasining tarbiyaviy ahamiyati katta. Ayniqsa, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari odimlayotgan xalqimizni buyuk maqsad sari birlashtirishda u beqiyos ahamiyat kasb etishi, shubhasiz.
To‘g‘ri, har bir davlatning, xalqning o‘z madhiyasi bor. Lekin biz uchun, shu muqaddas Vatanda yashayotgan har bir inson uchun davlatimiz madhiyasidan aziz va mo‘’tabar qo‘shiq yo‘q!
Jamshid XOLOV, katta leytenant