Yuragi o‘zbekcha urgan shoir
Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg haqidagi hujjatli film premerasi bo‘ldi.
Kinokartina Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan «Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi» DUK hamda O‘zbekiston jahon tillari universiteti bilan hamkorlikda suratga olingan.
Yozuvchi, shoirlar, adabiyotshunoslar, A.Faynbergning yaqin qarindoshlari va talaba- yoshlar ishtirokidagi taqdimotda Kinematografiya agentligi va universitet vakillari A. Faynbergning mazmunli va ibratli hayot yo‘li haqida so‘z yuritdi. Universitetda shoir xotirasini abadiylashtirish maqsadida qilingan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, hujjatli film keng jamoatchilikka namoyish etildi.
Kartina rejissyori Aleksandr Gamirov. ssenariy muallifi Go‘zal Pirjonova, filmni Umid Malikov suratga olgan.
– Aleksandr Faynberg o‘zbeklarni shu qadar sevardiki, uning xarakteriga o‘zbekona tuyg‘ular ko‘chgan edi,– deydi Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmon. – Toshkent tabiati, insonlarining samimiyati haqida to‘lqinlanib yozardi. U chin ma’noda go‘zal xulq egasi edi. She’rlarida ham buni ifoda etardi. G‘amxo‘r, mehribon, haqiqatparast edi. Yolg‘on gapni hazm qilolmasdi, xiyonatni kechirmasdi. Uning she’rlarini o‘zbek tiliga o‘girish baxtiga muyassar bo‘lganman. Shoirdan ko‘p narsa o‘rganganman. Faynberg so‘zni sevgan. Biz bunda undan o‘rnak olsak bo‘ladi. Kartina orqali shoir hayot yo‘liga jiddiy nazar tashlanibdi. Tomoshabin sifatida bu meni quvontirdi.
«Aleksandr Faynberg. Qalbi o‘zbek rus shoiri» hujjatli filmida o‘zbek milliy adabiyoti va san’atining taniqli vakillaridan intervyular, shoir ijodiga mansub she’riy parchalar va tadrijiy ma’lumotlardan foydalanilgan.
Kartinada Faynbergning o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan hurmati ro‘y-rost ko‘rsatilgan. Uning tarjimonlik mahorati, shoirlik salohiyati va insoniylik fazilatlari ulug‘langan. Kartina she’r ixlosmandlariga shoirni yanada yaqindan tanishtiradi.
«Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali doirasidagi hujjatli filmlar namoyishi 29 sentyabrga qadar davom etadi.
D. Mamatova, O‘zA