Yura davriga fotosayohat
Tasavvur qiling-a, yovvoyi tabiat, o‘rmon va changalzorlar, Yura davri olami va dinozavrlar... Qiziqdingizmi? Unda birgalikda Yura davriga sayohat qilamiz. Manzilimiz esa uzoq emas, aniqrog‘i, Toshkent hayvonot bog‘ida yaqinda tashkil etilgan “Jurassic World” dinozavrlar uyi.
Dinozavrlar makoniga kirib borar ekansiz, go‘yoki vaqt mashinasi sizni qadimgi Yura davriga olib borgandek tasavvur paydo bo‘ladi. Yon-atrofda sayyoramizning million yillar avvalgi qadimiy etnohududi va landshafti yaratilgan. O‘rmon oralagan yo‘llar, qoyalar, g‘orlar, sharsharalar, yashil makon yovvoyi tabiatga xos. Bog‘da 22 turdagi dinozavr “makon topgan”. Ular harakatlanadi va o‘ziga xos tovush chiqaradi.
Sayohat davomida siz dinozavrlar hayoti, yashash tarzi, nimalar bilan oziqlangani, evolyutsiyasi haqida qiziqarli ma’lumotlarni bilib olishingiz mumkin. Modellar va interfaol ko‘rgazmalar dinozavrlar hukmronlik qilgan davr haqida so‘zlaydi.
Shu o‘rinda, dinozavrlar qachon, qanday paydo bo‘lgani haqida qisqacha to‘xtalsak.
Olimlarning taxmin qilishicha, sayyoramizda dinozavrlar 180 million yil burun paydo bo‘lgan va 60 million yillar oldin, bo‘r davrida qirilib bitgan. Dinozavrlar reptiliyalardan tarqaganligi taxmin qilinadi. Ilk reptiliyalar esa dinozavrlardan ancha oldin paydo bo‘lgan. Ular amfibiyaga o‘xshab, ham suvda, ham quruqlikda yashagan. So‘ngra reptiliyalar jussali va kuchli bo‘la borgan. Birlari bahaybat kaltakesak, boshqalari toshbaqaga o‘xshagan. Ularning dumi kalta, oyog‘i yo‘g‘on, boshi katta bo‘lgan, o‘simliklar bilan oziqlangan.
Ilk dinozavrlar o‘z ajdodlari – kaltakesak kabi orqa oyoqlarida yura olgan reptiliyalarga o‘xshatiladi. Ular kichkina, taxminan kurkaday bo‘lgan va orqa oyoqlari bilan harakat qilgan. Ushbu dinozavrlarning ayrim turlari kichkinaligicha qolib ketgan, boshqalari esa o‘sgan va og‘irlashgan. Boshi kichkina, o‘simlikni chaynashga yaraydigan o‘tmas kalta tishlari bo‘lgan. Ular pastqamlarda, botqoqlarda kun kechirgan. Keyin boshqa davr – reptiliya asri boshlangan. Ayrim alafxo‘r dinozavrlar shu qadar katta bo‘lib ketganki, hatto quruqlikda ham o‘zini to‘rt oyog‘ida tutib tura olmagan. Ular vaqtini asosan daryo va botqoqliklarda o‘tkazgan.
[gallery-15700]
Ma’lumotlarda keltirilishicha, O‘zbekiston hududida dinozavrlar qoldiqlari kam uchraydi, ammo ularning izlari tez-tez topilib turadi. Paleontologlar ularni Qashqadaryo viloyatining Kitob qo‘riqxonasi, Turkmaniston bilan chegaradosh Dehqonobod tumani va Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidan topgan. Dinozavrlar skeleti qismlari ko‘rinishidagi dalillar eng ko‘p Qizilqum cho‘lida topiladi, shuning uchun mazkur hudud “dinozavrlar qabristoni” nomini olgan.
Sirli va ajoyibotlar olamiga sayohat qilish yorqin taassurotlarga boy alohida voqea sifatida kishi xotirasiga muhrlanadi. Shunday ekan, Toshkent hayvonot bog‘idagi “Jurassic World” dinozavrlar uyiga albatta, tashrif buyuring.
Kamola YUSUPOVA,
Davron ERNAZAROV (surat), O‘zA