Yuqori toifadagi korxonalar safi kengaymoqda
Buxoro viloyatida soliq xizmati xodimlari tomonidan hududlarda barqarorlik reytingining mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyekti vakillariga yetkazish maqsadida ularning manzillariga borib, uchrashuvlar tashkil qilmoqda.
Uchrashuvlarda soliq xizmati xodimlari biznes vakillariga barqarorlik reytingida yuqori toifani egallashi uchun “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida kerakli tushuntirishlarni bermoqda.

Jumladan, Kogon tumanida faoliyat yuritayotgan jun gazlama ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Omad kumushkent” korxonasi ayni paytda barqarorlik reytingining o‘rta toifasida faoliyat yuritmoqda.
– Soliq xizmati xodimlari korxonamizga kelib, rahbarimiz bilan uchrashdi, – deydi korxona bosh hisobchisi Tamara Amrullayeva. –Uchrashuvda barqarorlik reytingining o‘rta toifasidan yuqori toifaga o‘tish va yuqori toifa uchun belgilangan imtiyozlar to‘g‘risida tarqatma materiallar orqali tushuntirishlar olib bordi. Yuqori toifa uchun belgilangan imtiyozlar juda ko‘p ekan. Rahbarimiz bilan rejalarni tuzib oldik. Albatta, yuqori toifa uchun ishlarni amalga oshiramiz. Bu biz uchun juda ham qulay.

Faoliyati xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan “Goodwell servis” korxonasi ham ayni paytda reytingning o‘rta toifasida faoliyat yuritib kelmoqda. Soliq xizmati xodimlari korxona ish yurituvchisi bilan uchrashuvda korxonani yuqori toifaga chiqarish borasida kerakli maslahatlarini berdi.

Ma’lumot uchun: ayni paytda Buxoro viloyatida 35 mingdan ortiq yuridik shaxs faoliyat ko‘rsatmoqda. Reyting doirasida ularning 60 dan ortig‘i yuqori toifa, 2 600 dan ortig‘i o‘rta toifa, 14 000 ga yaqini esa qoniqarli hamda qolgan yuridik shaxslar quyi toifadagi korxonalar sirasiga kiradi.

Viloyat soliq xizmati xodimlari hududda yuqori reytingli korxonalar ko‘payishi uchun tadbirkorlarga amaliy ko‘mak bermoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri