Bir murojaat izidan
So‘nggi vaqtlarda sifatsiz va noqonuniy qurilgan turar joylar ko‘plab fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda. O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga poytaxtimizning Yunusobod tumani 4 mavzesidagi 83-uyda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan murojaatda ham xuddi shu masala ko‘tarilgan.
Murojaatning qisqacha mazmuni shundaki, yuqoridagi manzildan 13-14 metr narida 302-umumta’lim maktabi joylashgan. Maktabdan 14 metr uzoqlikda avtomobillar turargohi bo‘lgan. Murojaatchilarga ko‘ra, hozirda mana joy o‘rnida “Navoiy loyiha” MCHJ tomonidan tegishli hujjatlarsiz 14 qavatli uy qurilmoqda.
Mazkur holat bo‘yicha biz jurnalistik surishtiruv o‘tkazishga qaror qildik. Murojaatni o‘rganish maqsadida ko‘rsatilgan manzilga borib, jarayonni o‘rgandik. Har ikkala tomonning fikri bilan tanishdik. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri, uni o‘ylantirayotgan muammolar yotadi.
Qurilayotgan binolarni ko‘zdan kechirdik. 302-maktabning asosiy darvozasidan 15 metr uzoqlikda qurilish ishlari boshlangan. Shaharsozlik norma va qoidalariga ko‘ra, 4 va 8 qavatli uylarning orasi 30 metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Bu manzilda esa ularning orasi 15-17 metr. Shu kabi bir qator kamchiliklar tufayli ushbu manzilda yashovchi fuqarolar qurilishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Masalan, mazkur qurilish maydoni atrofida chamasi 40-50 yillik chinor va boshqa daraxtlar bor. Uyning 5 qavati qurilsa, bu daraxtlarni kesishga to‘g‘ri keladi. Bu bilan yana yashil olamga zarar yetkazilishi tayin.
Shu yerda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan suhbatlashganimizda agar ushbu uy qurilsa, ularning uyiga yorug‘lik tushmay qolishi, o‘zi uylar atrofi shundoq ham juda tor ekani, ushbu qurilish natijasida binolar yanada zichlashishi, bu esa belgilangan talab va standartlarga javob bermasligini aytishdi.
Mutaxassisning bergan ma’lumotiga ko‘ra, har bir qurilishning o‘z talabi bor. Xususan, biror-bir mahallada uy-joy loyihasi qurilish nazorat inspeksiyasidan o‘tganidan keyin, qurilishi oldidan loyiha bilan mahallani tanishtirish maqsadida bannerga ilib qo‘yiladi. Agar mahalla ahlining 80 foizi rozi bo‘lsagina qurilishga ruxsat beriladi.
Biz bilan suhbatlashgan fuqarolarga ko‘ra, qurilish firmasi rahbari mahallada hech kimni loyiha bilan tanishtirmagan. Ularning aytishicha, tadbirkor mahallada qurilishga barcha rozi, deb soxta imzo yig‘ib, tegishli tashkilotga taqdim etgan. Qolaversa, qurilish bo‘layotgani bois maktabning bosh darvozasi yopilib, qo‘shimcha darvozasi ochilgan. Bu qo‘shimcha darvoza esa 83-uy ro‘parasida. Maktab va shu uy oralig‘i esa 15 metrni tashkil etadi. Bundan fuqarolar norozi. Sababi, maktabda an’anaviy dars boshlansa, mashinalar qatnovi, o‘quvchilar shovqini fuqarolar tinchligini buzishi mumkin.
Atrofni ko‘zdan kechirar ekanmiz, 302-maktabning ichkarisida 30-40 yillik manzarali daraxtlar ayanchli ahvolga solinganiga guvoh bo‘ldik. Daraxt tubigacha sementlab tashlangan. Daraxtlar uchun hatto suv ichishga ham imkon qoldirilmagan. Bu daraxtlar shu holicha 3-4 oy tursa, qurib bitadi.
O‘zini maktabning boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha direktor o‘rinbosari, deb tanishtirgan fuqaro maktabning asosiy darvozasi aslida ushbu daraxtlarni kesib tashlab shu yerdan ochilishi kerakligi, fuqarolarning gap-so‘ziga e’tibor bermaslik kerakligini aytdi.
“Navoiy loyiha” MCHJ rahbari Anvar Faxriddinovdan mazkur uy-joy qurilishi uchun qonuniy hisoblangan hujjatlarni taqdim etishini so‘raganimizda, bizga Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining joriy yil 16 apreldagi xulosasini ko‘rsatdi.
Hujjatlarda uy va maktab oralig‘i asliga to‘g‘ri kelmaydi. Bu to‘liq hujjat hisoblanmasligini, boshqa hujjatlari bo‘lsa ko‘rsatishini so‘raganimizda, turar joy uchun tasdiqlangan qonuniy hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortdi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, mutaxassislar “Navoiy loyiha” MCHJ tomonidan qurilayotgan turar joy ob’ekti hujjatlari to‘liq tasdiqlanmaganini, tadbirkorda faqatgina Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining xulosasi borligini, bu esa qurilishni boshlashga asos bo‘la olmasligini ma’lum qildi. Ushbu holat bo‘yicha tegishli tashkilotlardan izoh kutib qolamiz.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/fbXi-2IjNoc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA