YUNESKO tarixida ilk bor o‘zbekistonlik o‘qituvchi dunyo pedagoglari nomidan so‘zga chiqdi
Joriy yilning 8–11-sentabr kunlari Fransiyaning Parij shahrida “Sun’iy intellekt davrida ta’lim: Faktlar, muammolar, yangi ufqlar” mavzusida YUNESKOning Raqamli ta’lim haftaligi — 2026 bo‘lib o‘tdi.
Unda turli mamlakatlardan pedagoglar, ekspertlar va ta’lim sohasi vakillari, jumladan, “ISHONCH — Vision 2030” loyihasi mentorlari ham ishtirok etdi. O‘zbekistonlik pedagog Durdona Boynazarova YUNESKOning Raqamli ta’lim haftaligi — 2026 doirasida ta’lim vazirlari va xalqaro ekspertlar bilan bir qatorda panel sessiyasida ishtirok etib, dunyo ustozlari nomidan so‘zga chiqdi. Bu — o‘zbekistonlik pedagogning shaxsiy yutug‘i bo‘lish bilan birga, mamlakatimiz o‘qituvchilari salohiyatining xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini ham ko‘rsatadi.
Tadbir doirasida sun’iy intellektning ta’limdagi o‘rni, raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchining o‘zgarayotgan ta’lim jarayonidagi roli hamda kelgusi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari ham xalqaro maydonda mamlakatimiz ta’lim tizimidagi yangilanishlar haqida so‘z yuritdi. Xususan, ta’limdagi yangi tendensiyalar, raqamli texnologiyalardan foydalanish, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va sun’iy intellektdan ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha tajribalar taqdim etildi. Biroq tadbirning eng e’tiborli jihatlaridan biri — o‘qituvchining xalqaro ta’lim siyosati muhokamasidagi ishtiroki bo‘ldi.
YUNESKOning Parijdagi Bosh qarorgohida 15 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan Raqamli ta’lim haftaligi tarixida ilk bor maktab o‘qituvchilari ta’lim vazirlari bilan teng maqomda panel sessiyalarida ishtirok etdi. Bu nafaqat tadbir formatidagi yangilik, balki ta’lim siyosatida o‘qituvchi ovozining ahamiyati ortib borayotganidan dalolatdir. Zero, sun’iy intellekt, raqamli platformalar va yangi texnologiyalar ta’limning kelajagini belgilayotgan bir paytda ularni bevosita dars jarayonida qo‘llayotgan o‘qituvchining fikri va tajribasi alohida ahamiyat kasb etadi.
Durdona Boynazarova ta’limda sun’iy intellektdan foydalanish, bu sohada samarali siyosat ishlab chiqishda o‘qituvchilarning o‘rni va qaror qabul qilish jarayonida pedagoglar ovozini inobatga olish zarurligi haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, tadbirda o‘zbekistonlik mutaxassislar Behruz Ro‘ziyev va Sevara Shamsiyevalar ham o‘z taqdimotlari bilan ishtirok etdi. Ularning ishtiroki O‘zbekistonda ta’lim va raqamlashtirish sohasida to‘planayotgan tajribani xalqaro hamjamiyatga taqdim etish imkonini berdi.
Bugun sun’iy intellekt ta’lim oldiga yangi savollarni qo‘ymoqda: o‘qituvchining roli qanday o‘zgaradi, texnologiya va inson salohiyati o‘rtasidagi muvozanat qanday ta’minlanadi, ta’lim siyosatida kimning ovozi hal qiluvchi bo‘lishi kerak?
Parijdagi muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, bu savollarga javob izlashda o‘qituvchining o‘rni hech qachon ikkinchi darajaga tushmaydi. Aksincha, texnologiya qanchalik rivojlanmasin, uni ta’lim maqsadlariga to‘g‘ri yo‘naltiradigan, bolaning qobiliyatini anglaydigan va bilim berish jarayonini insonparvarlik asosida tashkil etadigan asosiy shaxs o‘qituvchidir.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA