Munosabat
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahrida BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti — YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining o‘tkazilishi mamlakatimiz uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Bu xalqaro hamjamiyatda O‘zbekistonga bo‘lgan yuksak ishonch, mamlakatimizning xalqaro nufuzi ortib borayotganidan dalolat beradi.

Mazkur xalqaro anjumanda davlatimiz rahbari ishtirok etib, nutq so‘zladi va bir qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari, partiya yetakchisi Abdushukur Hamzayev o‘z munosabatini bildirdi:
— Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida Prezidentimiz bugungi kundagi eng muhim masalalarga e’tibor qaratib, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda gumanitar sohada global konsensus va ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining zaiflashayotgani, geosiyosiy keskinlik va harbiy mojarolar ta’sirida sayyoramizdagi noyob yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy meros katta ziyon ko‘rayotganini alohida ta’kidladi. Butun insoniyatni qiynab kelayotgan besamar harbiy harakatlar tufayli nafaqat odamlar, balki borliqdagi boshqa mavjudotlar, qolaversa, qadimiy obidalar ham katta talafot ostida qolayotgani qayd etildi.

Tashkilot minbaridan aytilgan bu fikr jahon mamlakatlari uchun o‘ziga xos chorlov bo‘ldi, deyish mumkin. Chunki bugun dunyo bo‘ylab ko‘plab mamlakatlarga jiddiy tahdid solayotgan ekologik bo‘hronlar — iqlim o‘zgarishi, tuproq yemirilishi, ichimlik suvi muammosi YUNESKO himoyasidagi madaniy merosga ham katta xavf aslida. Qadimiy binolar nurashi, geologik demografiya o‘zgarishlari ortidan xalq og‘zaki ijodiga putur yetishi, bir so‘z bilan aytganda, ekologik muammolarning madaniy meros va qadriyatlar saqlanishi va davomiyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani barchani birdek tashvishga soladi.
Mamlakatimiz hududidagi G‘arbiy Tyan-Shan — Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum koridori va Turon cho‘llari ham YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu nufuzli tashkilotning Umumjahon biosfera qo‘riqxonalari tarmog‘iga esa O‘zbekistonning ikkita ob’ekti kiritilgan. Bular — Chotqol davlat biosfera rezervati (1978) va Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (2021).
Bundan ko‘rinib turibdiki, YUNESKO himoyasiga olingan madaniy meros ob’ektlari qatorida ona tabiat yaratgan “asarlar” safi tobora kengaymoqda. Ularning orasida mamlakatimiz noyob tabiatiga oid muhim ob’ektlar borligi va muhofazaga olingan bunday tabiiy yodgorliklar sonini yanada ko‘paytirish O‘zbekiston Ekologik partiyasining maqsadlariga to‘la hamohangdir.
O‘zbekiston rahbari dunyo mamlakatlarini iqlim inqiroziga qarshi birgalikda samarali kurashishga chaqirar ekan, bu masalaning nechog‘li dolzarb va muhim ekaniga alohida urg‘u berdi. Darhaqiqat, bugun dunyoda o‘rtacha haroratning sezilarli darajada ko‘tarilishi, muzliklarning erishi, cho‘llanish, tuproq qatlamlari yemirilishi, urbanizatsiya jarayonlari madaniy meros ob’ektlarining holatiga jiddiy ta’sir o‘tkazmoqda.
O‘zbekiston bu muammolarga qarshi kurashish maqsadida allaqachon amaliy sa’y-harakatlarni boshlab yuborgan. Xususan, 2030 yilgacha uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash chora va harakatlarni kuchaytirishni – 2030 yilga borib “issiqxona gazlari” solishtirma tashlamalarini 2010 yildagi darajaga (yalpi ichki mahsulot birligiga) nisbatan 10 foizga qisqartirishni mo‘ljallamoqda. Davlatimiz rahbarining qarori asosida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilayotgani aynan YUNESKO maqsadlari uchun ham xizmat qiladi.
Ushbu sa’y-harakatlarning davomi sifatida davlatimiz rahbari atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqishni taklif etdi. Bu O‘zbekiston barqaror rivojlanish tamoyillarida naqadar sobitqadamlik bilan borayotganini yana bir bor ifoda etadi.
Bugun bir qarashda inson omiliga mutlaqo daxlsizday ko‘rinadigan iqlim o‘zgarishiga o‘xshagan global muammolar ham oxir-oqibatda antropogen omillar ta’sirida yuzaga kelayotgani hammamizga yaxshi ayon. Shu jihatdan, YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi insoniyatning har bir vakiliga kelajagimizga teran nazar tashlash hamda barqaror istiqbolimizni barpo etishda yangi vazifalarni belgilab berdi.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA