Bugun Samarqand shahri YUNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qilmoqda. Bu tarixiy voqelik nafaqat mamlakatimiz, balki butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratmoqda. Zero, mazkur nufuzli anjuman madaniyat, ta’lim, fan, innovatsiyalar va shu kabi eng muhim sohalardagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlangan.
YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi konferensiya doirasida bergan intervyusida mamlakatimiz tomonidan Bosh konferensiyaga mezbonlik qilish taklifi ilgari surilgan vaqtdan to bugunga qadar amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u xorijiy hamkorlar e’tirofi va O‘zbekistonning YUNESKO bilan hamkorlik munosabatlari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– Samarqandda o‘tayotgan mazkur anjuman nafaqat xalqaro hamjihatlikni mustahkamlashga, balki O‘zbekistonning jahon maydonidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi, – Sara Noshadi. – O‘zbekiston YUNESKOning Bosh konferensiyasini o‘tkazishni taklif etdi va oxirgi qirq yil ichida mazkur nufuzli tadbirni Parijdan tashqarida o‘tkazishga jur’at etgan ilk davlatga aylandi.
Bu haqiqatan ham tarixiy qaror bo‘lib, ikki yil avvalgi sessiyada barcha a’zo davlatlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi. Nega aynan O‘zbekiston? Chunki mamlakat marrani katta oldi.
YUNESKO uchun ko‘p yillar davomida konferensiyani Parijdan tashqarida o‘tkazish deyarli imkonsizdek ko‘ringan edi. Ammo bugun biz buning amalga oshganini ko‘rmoqdamiz – bu O‘zbekistonning tashabbusi va qat’iyati tufayli ro‘y berdi.
Ishonasizlarmi, Parijdan kelgan hamkasblarimning hammasi bir xil taassurotni bildirmoqda – “zo‘r”! Samarqand o‘zining ko‘lami, muhiti, go‘zalligi va uyushqoqlik darajasi bilan hammani lol qoldiryapti. Aytish mumkinki, YUNESKO konferensiyasiga ilgari bu darajada tayyorgarlik ko‘rilmagan.
Bosh konferensiya – YUNESKOning asosiy forumi. Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va barcha a’zo davlatlarni birlashtiradi. Bu yilgi tadbir – qirq uchinchi sessiya. O‘zi tashkilotga sakson yildan ortiq vaqt bo‘ldi.
Shu bilan bir vaqtda tadbirning ajralmas qismi sanalgan YUNESKO Yoshlar forumi ham tashkil etildi. Unda dunyo bo‘ylab turli mamlakatlardan kelgan yosh delegatlar ishtirok etib, tuzilma mandati doirasidagi asosiy yo‘nalishlar – ta’lim, madaniyat, fan va kommunikatsiya masalalarini muhokama qilishdi. Bu uchrashuvlar yosh avlod ovozini eshitish va ularning g‘oyalarini global kun tartibiga kiritish imkonini beradi.
YUNESKO va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabat chuqur va mustahkam ildizga ega. Mamlakat 1993 yilda tashkilotga a’zo bo‘lgach, Toshkentda vakolatxona ochilgan va hamkorlik izchil mustahkamlanib bormoqda.
Ayniqsa, 2017 yil – Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi keng ko‘lamli islohotlar boshlanganidan keyin bu hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi. YUNESKO Bosh direktori O‘zbekistonga ikki marotaba tashrif buyurdi va bu gal uchinchi safar bo‘lyapti, bu noyob holat.
2022 yilda Parijda Prezident Mirziyoyev va YUNESKO o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. U ushbu hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Bugungi kunda YUNESKOning eng yirik ta’lim dasturlaridan biri O‘zbekistonda amalga oshirilmoqda. Bu Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan, asosiy maqsad – ta’lim sifatini oshirishdir. Chunki ta’lim tizimi muvaffaqiyati, avvalo, o‘qituvchiga bog‘liq. O‘qituvchilar – o‘zgarishlarni harakatlantiruvchi asosiy kuch, biz Prezident olib borayotgan islohotlarning aynan shu yo‘nalishini yuksak faxr bilan qo‘llab-quvvatlaymiz.
Bundan tashqari, biz Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan ham kasbiy-texnika ta’lim tizimini isloh qilish bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlayapmiz. Bu loyiha bir necha yil oldin boshlangan. Hozir yangi bosqichga chiqmoqda. Mamlakatning to‘rt hududi – Farg‘ona, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkentda kasbiy mahorat markazlari, shuningdek, Surxondaryo, Buxoro va Namanganda pedagogik mahorat markazlari tashkil etilmoqda.
Shuningdek, madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish sohasida qator ishlarni amalga oshiryapmiz. Albatta, bu yo‘nalishning markazida Samarqand turibdi. Mazkur yo‘nalishla O‘zbekiston yuqori darajadagi tashkilotchilik bilan o‘z merosini jahon miqyosida namoyish etmoqda.
Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishi – madaniy merosni asrash va muhofaza qilishdir. O‘zbekiston Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida madaniyat sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri