Shu kabi ba’zi savollarning javobi o‘zi bilan bo‘ladi.
Ushbu nufuzli tadbir tufayli Samarqandda chet ellik mehmonlar soni keskin oshdi. Yurtimiz haqida aniq tasavvurga ega bo‘lgan insonlar ko‘payishi ham katta natija aslida.
Shu kunlardv mehmonxonalarda bo‘sh joylar kam qoldi. Shaharda harakat yanada jonlandi. Bu esa tabiiy hol. Muhimi, Samarqand yana dunyo diqqat markazida turibdi.
Shunday katta anjumanni o‘tkazish oson emas. Bu faqat tashkiliy sinov emas, balki mamlakat imkoniyatlarining amaliy ifodasi sanaladi. Shu sababli, jarayonning ahamiyatini xalqona tarzda izohlashga harakat qilamiz.
Dunyodagi 190 dan ortiq davlat vakillari har ikki yilda bir marta YUNESKO Bosh konferensiyasi doirasida yig‘iladi. Bu ta’lim, fan va madaniyat masalalari yuzasidan olib boriladigan eng yirik xalqaro muloqotlardan biridir.
Bu yilgi sessiya ilk bor so‘nggi 40 yil ichida Parijdan tashqarida – Samarqandda o‘tmoqda. Bu holat O‘zbekistonning xalqaro nufuzi va madaniy salohiyatiga bildirilgan yuksak ishonch, butun Markaziy Osiyo uchun esa tarixiy voqeadir.
YUNESKO Bosh direktori Odri Azule uchun bu sessiya rahbar sifatidagi so‘nggisi bo‘lsa, uning o‘rnini yaqinda saylangan misrlik mutaxassis Xolid Al-Ananiy egallaydi. Demak, Samarqand xalqaro tashkilot tarixidagi muhim burilish nuqtasiga aylanmoqda.
Konferensiyaning Samarqandda o‘tkazilishi shaharning jahon madaniyati va sivilizatsiyasi markazi sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlaydi. Shu bilan birga, xalqaro forumlar uchun yaratilgan infratuzilma, logistika va servis sohalari ham o‘z samaradorligini yana bir bor isbotlamoqda.
YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilishi faqat madaniy yoki siyosiy voqea emas. Uning iqtisodiy ta’siri ham sezilarli. Delegatlar, jurnalistlar va turli soha mutaxassislarining kelishi turizm sohasiga yangi turtki beradi. So‘zimiz boshida ta’kidlaganimizdek,Samarqand brendi yanada kuchaydi. U xalqaro anjumanlar uchun doimiy maydon sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.
Bunday tadbirlar mamlakat haqidagi ishonchli muhit obrazini kuchaytiradi. Bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar uchun psixologik zamin yaratadi. YUNESKO orqali ta’lim, ilm-fan va innovatsiya yo‘nalishlarida yangi xalqaro loyihalarga mablag‘ jalb etish imkoniyatlari kengayadi.
Bu tadbirning eng muhim jihati moddiyat emas. Har bir delegat, har bir ma’ruza, har bir madaniy dastur inson tafakkuri va ma’naviyatini boyitishga xizmat qiladi.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA sharhlovchisi