Yuksalishlar, ayni paytda pasayishlar ham bor
Joriy yilning yanvar–iyul oylarida Sirdaryo viloyatida 14,5 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, prognoz ko‘rsatkichi 107,1 foizga bajarildi. Bu ko‘rsatkich hududning iqtisodiy imkoniyatlari ortib borayotganidan dalolat beradi.
Hisobot davrida sanoat yo‘nalishida 141 ta yangi korxona ish boshladi va viloyatdagi umumiy korxonalar soni 1 ming 171 taga yetdi. Bu esa o‘z navbatida minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi va aholi daromadlarining oshishiga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga tahlillar ayrim yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmi qisqarganini ko‘rsatdi. Xususan, Sirdaryo, Boyovut, Sayxunobod, Guliston va Xovos tumanlaridagi 8 ta yirik korxonada jami 235 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishda pasayish qayd etildi. Bu esa mahalliy iqtisodiyot va soliq tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov bu holat yuzasidan o‘tkazilgan muhokamada quyidagilarni ta’kidladi:
– Sanoat – iqtisodiyotimizning yuragi. Birgina yirik korxonaning to‘xtashi yoki ish hajmining qisqarishi butun tarmoq va mahalliy iqtisodiyotga ta’sir qiladi. Shuning uchun korxonalarning muammolarini nomiga emas, balki aniq yechimlar orqali hal qilishimiz shart.

Tahlillarda ayniqsa “Sirdarya Ceramic Production” va “Boyovut Cotton Textile” korxonalari misol tariqasida keltirildi. Birinchisida xomashyo ta’minotidagi uzilishlar sabab ishlab chiqarish keskin pasaygan. Masala hal etilsa, yiliga kamida 200 ta yangi ish o‘rni yaratilishi va mahalliy bozorda import o‘rnini bosuvchi mahsulot ko‘payishi mumkin.

“Boyovut Cotton Textile”da esa logistika va valyutalashtirishdagi muammolar ishlab chiqarish hajmini pasaytirgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu to‘siqlar bartaraf etilsa, korxona yiliga 50 million AQSH dollariga teng eksport salohiyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Muhokamalarda hukumat tomonidan tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ham tilga olindi. Jumladan, kredit va imtiyozlar, xomashyo masalalarida keng imkoniyatlar, ichki va tashqi bozorlarga chiqish yo‘llari belgilab berilgan. Endi asosiy vazifa – ishlab chiqarish hajmini qisqartirayotgan korxonalarda aniq muammolarni hal etish, to‘xtab qolganlarini qayta ishga tushirish va yangi qiymat zanjirlarini shakllantirishdan iborat.

– Faoliyatsiz turgan har bir korxona — yo‘qotilgan ish o‘rni, yo‘qotilgan soliq, eng asosiysi — yo‘qotilgan iqtisodiy imkoniyatdir. Shuning uchun asosiy vazifamiz — ishlab chiqarish hajmini oshirish va yangi qiymat yaratish, – dedi Erkinjon Turdimov.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat, video) O‘zA muxbirlar