Yuksalish yanada yuksalmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng
Davlatimiz rahbarining 11-12 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifini yurtdoshlarimiz katta mamnuniyat bilan kutib oldi. Ayniqsa, Bag‘dod tumanidagi “Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘inidagi uchrashuv, mahalla hayoti bilan tanishuv ko‘hna qishloqqa yangi hayot nafasini olib keldi, aholi kayfiyati, ruhiyatini ko‘tardi.
Bugun mazkur mahallada o‘zgarish va yangilanishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmoqchi bo‘lganlarning qadami uzilgani yo‘q. Darhaqiqat, bu yerning odamlari mehnatkash va tadbirkor. Oddiy uy bekasi Gulnora Usmonovani bugun nafaqat, tumanda, balki viloyatda ham ko‘pchilik yaxshi taniydi. Uning sa’y-harakati bilan tashkil etilgan “Gulnora Matqulobod bodomlari” ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Shu qisqa vaqtda ”Yuksalish”, balki, “Matqulobod”, “Chek Xitoy”, “Chek saroy”, ”Bordon”, ”Chektuvodoq”, “Qirqvolida” kabi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi mingdan ortiq xotin-qizlar bandligi ta’minlandi.
– Kamtarona mehnat va izlanishlarimizni qadrlab, shuncha yo‘l bosib kelgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz, – deydi ishlab chiqarish korxonasi rahbari Gulnora Usmonova. – Bunday e’tibordan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Biz bilan o‘ta samimiy, qadrdonlardek ochiq suhbat qurib, hayot tarzimiz, ish amallarimiz haqida o‘zimizdan eshitish niyatida ekanligini ta’kidladi. Gaplarimizni e’tibor bilan tinglab, ko‘plab maslahatlar, o‘rinli takliflar berdi. Ba’zan o‘ylab qolaman. Prezidentimiz tadbirkorlik, ishbilarmonlikni qo‘llab-quvvatlab, barcha ishlarga bosh bo‘lmaganida daladan boshqa narsani ko‘rmay o‘tib ketardik. Halol mehnat ortidan ro‘zg‘or tebratyapmiz, ko‘pning koriga madad bo‘lyapmiz. Farzandlarimizni o‘qitib, to‘y-tomoshalar qildik. Kuni-kecha kelin tushirdik, to‘ng‘ich kelinim farzandli bo‘ldi. Yurtimiz, mahallamiz, uyimiz tinch, dasturxonimiz but. Bunday kunlarga shukronalar keltiramiz. Yurt taraqqiyoti, el farovonligiga baholi qudrat hissa qo‘shayotganimdan mamnunman. Dastlabki ishimizni 6 kilogramm bodomni qayta ishlashdan boshlaganmiz. O‘shanda 3 ming so‘m foyda ko‘rgandik. Bu biz uchun katta voqea bo‘lgan. Pulimizning hammasiga o‘sha paytda juda taqchil bo‘lgan sovun xarid qilib kelganim hamon esimda. Bu o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirgan, “qilsa bo‘larkan” degan qat’iy fikrga kelganmiz. Avvaliga uy sharoitida 2-3 ta qayta ishlash dastgohlari qo‘yib, qo‘ni-qo‘shnilar bilan ish boshlaganmiz. Ishimiz tez ommalashdi. Chunki ichki va tashqi bozorda sifatli hamda mazali bodomga bo‘lgan talab yuqori. Bizga mahalla fuqarolar yig‘inidagi bo‘sh turgan binolardan joy ajratib berildi. Natijada ishlab chiqarish salmog‘i oshdi. Bugun 40 dan ortiq qayta ishlash dastgohlarimiz bor. Korxonamizga 36 nafar lider tadbirkorlar birlashgan. Ular orqali 500 dan ortiq xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan ta’minlaganmiz. Bir oyda 80 tonnadan ortiq bodomni qayta ishlab, “Mazali bodom” brendi yorlig‘i ostida 60-65 tonna tayyor mahsulot ishlab chiqaryapmiz. Prezidentimiz kelib ketishganidan buyon, ish unumdorligimiz yanada oshdi, xonadonimiz, ishxonamizga uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarning qadami uzilgani yo‘q. Hamma bizga havas qilyapti.
Taraqqiyot hech qachon o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Tashabbuskorlik, izlanish albatta juda zarur. Mazkur mahalladagi o‘zgarishlar ham odamlarning harakati bilan bo‘ldi. Bugun qishloqqa sanoat kirib keldi, aholining yashash sharoiti yaxshilandi, dunyoqarashi kengaydi. Ravon, yorug‘ ko‘chalar, zamonaviy uy-joylarning bugungi ko‘rinishi “Yuksalish”da katta yuksalishlar bo‘layotganidan darak berib turibdi.
“Yuksalish” mahalla servis kompaniyasi aholiga 24 yo‘nalishdagi xizmat turlarini taklif etgan, 6 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda o‘nlab turdagi xizmat ko‘rsatish texnika va ish qurollari bazasi yaratilgani buyurtmalarni o‘z vaqtida sifatli bajarish imkoniyatini bermoqda.
Valijon Xalilov o‘z xonadonida kasanachilik yo‘nalishida parranda go‘sht yetishtirishni yo‘lga qo‘ygan. Lider tadbirkor, “WHITE CHICKEH“ mas’uliyati cheklangan jamiyati har mavsumda 1000 bosh jo‘jalarni yetkazib beradi, zarur ozuqalar bilan ta’minlaydi. Tayyor mahsulotni shu yerning o‘zida xarid qilib oladi.
– Bu ishni boshlab kam bo‘lganim yo‘q, – deydi uy bekasi Ibodatxon Xalilova. – Jo‘jalarimiz 45 kunda yetiladi. Bir dona parranda go‘shtini 26 ming so‘mdan sotyapmiz. Bu bir mavsumning o‘zida 2200 kilogrammdan ortiq mahsulot olish imkoniyatini beradi. Bu jarayon yil davomida bosqichma-bosqich davom etib keladi. Turmush o‘rtog‘im, o‘g‘lim Rossiyaga borib ishlardi. Parrandachilik tarmog‘ini tashkil qilgach, uzoqqa borishga ham hojat qolmadi.
Mahalla tikuvchilik, parrandachilik (go‘sht yo‘nalishi), dehqonchilik va bodomchilikka ixtisoslashgan. Hududda “Bahodir avto vash”, “Shodiyorbek gavhari”, “No‘’mon Xurmatoy”, “Munisa Muhammadaziz”, “Latofatxon ona taomlari” singari xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish va qandolatchilik yo‘nalishlarida tadbirkorlik sub’ektlari ishlab turibdi. Shuningdek, 8 ta savdo do‘koni, 4 ta tikuvchilik ustaxonasi, 2 ta sartaroshxona xizmat turlari faoliyat yuritib kelmoqda. Barcha xonadonlar zarur infratuzilma bilan ta’minlangan. Joriy yilning shu kuniga qadar 600 metrdan ortiq ichki yo‘llar asfaltlandi, 500 metr elektr kabel simlari almashtirilgan, 3 ta transformator o‘rnatilgan. 94 nafar ishsiz aholi ishga joylashtirilib, 164 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan va 4 nafari tadbirkorlik faoliyatini boshlagan.
[gallery-18307]
“Yuksalish” mahalla fuqarolar yig‘ini viloyatning eng obod va ishsizlikdan xoli hududi sifatida dovruq qozonmoqda. Kim bilan gaplashsangiz, Yurtboshimizning mahallaga tashrifidan ruhlangani, chekka qishloqlar kundan kunga obodlikka yuz tutayotganligini faxr bilan ta’kidlamoqda.
M.Sulaymonov, M.Qodirov (surat), O‘zA