Yuksak zafarga munosib hissa qo‘shildi
Ozarbayjonda o‘n besh kun davomida o‘tkazilgan III “MDH o‘yinlari”da O‘zbekiston sport delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi. To‘qqizta MDH davlati hamda 15 ta taklif etilgan mamlakatdan 3 ming 500 dan ziyod sportchilar 23 ta sport turi bo‘yicha 246 ta jamlanma medal uchun bellashgan ushbu nufuzli musobaqada terma jamoamiz a’zolari 25 ta oltin, 33 ta kumush va 61 ta bronza, jami 119 ta medal bilan umumjamoa hisobida to‘rtinchi o‘rinni egalladi.
Vatanimiz sportchilarining salmoqli g‘alabalarida Namangan viloyatining yosh, iqtidorli vakillari salmoqli g‘alabalari – ikkita oltin, uchta kumush va sakkizta bronza medaliga sazovor bo‘lgan holda, katta hissa qo‘shdi.

Jumladan, boks bo‘yicha 52 kilogramm vazn toifasida Sabina Mirzayeva va 54 kilogramm vaznda Behruz Rohataliyev – oltin medalni qo‘lga kiritdi. Erkin kurashda 45 kilogramm vaznda Muhammad Rahimjonov, 92 kilogramm vaznda Asadbek Erkinjonov, shuningdek, boksda 60 kilogramm vaznda Otabek Nurmuhammadov – kumush medalga munosib ko‘rildi.
O‘q otishda yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari Muhammad Kamolov va Muhtasar Tohirova, voleybol o‘yinlarida Elmurod Mamadaliyev, basketbolda Ali Tuqchiyev, boks bo‘yicha 52 kilogramm vaznda Bekzod Ismoiljonov, baydarka va kanoeda eshkak eshishning K-1 500 m, K-1 1000 m, K-2 500 m yo‘nalishlarida Davlatjon Hamdamov bronza medali bilan taqdirlandilar.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.