Yuksak sharaf va mas’uliyat ramzi
IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tgan qasamyod tadbirida vazirlik rahbariyati, soha faxriylari, turdosh oliy ta’lim muassasalaridan mehmonlar, kursantlarning ota-onalari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Tantanali marosimda buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishni maqsad qilgan navqiron yigit-qizlar ichki ishlar organi xodimining xizmat qasamyodini qabul qildilar. Tantanali ont sharafli burchni halol bajarish, xalqimiz va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilish, har qanday sinov va mashaqqatlarni matonat bilan yengish yo‘lida aytilgan qat’iy ishonch bo‘lib yangradi.

– Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri soha uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan. Siz ta’lim olayotgan o‘quv dargohida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallashingiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Hozirgi murakkab davrda ichki ishlar organlarida xizmat qilish yuksak kasbiy salohiyat, jangovar-jismoniy va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlikni talab etmoqda. Shunday ekan, ichki ishlar organlarining ertangi istiqboli Sizlar kabi mard, vatanparvar va jasur farzandlarimizning g‘ayrat-shijoatiga bog‘liq, – dedi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov.
Tantanali tadbirda ota-onalar ham so‘z olib, kursantlarning davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligini sharaf bilan oqlashlariga ishonch bildirdilar.
– Ichki ishlar organi xodimi bo‘lishni bolaligimdan orzu qilaman. Maqsadimga erishish yo‘lida astoydil o‘qidim, sport bilan muntazam shug‘ullandim. O‘tgan yillar mobaynida taekvondo WTF bo‘yicha ikki karra O‘zbekiston chempionligini qo‘lga kiritdim. Yangi O‘zbekistonning baxtiyor yoshlari safida turar ekanman, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni mukammal egallashga, xalqaro arenalarda mamlakatimiz bayrog‘ini yanada yuqori ko‘tarishga va’da beraman, – dedi Dinoraxon Doniyorova.
Shu kuni o‘qishdagi yutuqlari va ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga namuna ko‘rsatgan bir guruh kursantlar “Jaloliddin Manguberdi” nomidagi stipendiya hamda ichki ishlar vazirining stipendiyasi bilan taqdirlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati