Yuksak minbardan yangragan yuksak g‘oyalar
Joriy yilning 19 sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasining umumsiyosiy munozaralari bo‘lib o‘tgan edi. Unda nutq so‘zlagan davlatimiz rahbari hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlash, umumiy manfaatlarni mavjud ziddiyatlardan yuqori qo‘ygan holda mamlakatlarni jipslashtirish zarurligiga e’tibor qaratgandi.
Prezidentimiz nuqtlarida keyingi yillarda O‘zbekistondagi islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalar yechimiga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi:
“Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lmish Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettirmoqdamiz. Mamlakatimiz “Inson qadri va manfaatlari uchun” degan ezgu g‘oya asosida demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil ilgari bormoqda.”
Ushbu fikrlarga teranroq qaraydigan bo‘lsak, hozirgi kunda adolat da’vosini qilayotganlarning adolatsizliklari ham yuksak ma’rifatsiz sof adolat bo‘lishi mumkin emasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Bugun mamlakatimizda davlat o‘z oldiga qo‘ygan marralarga erishish uchun ma’rifat targ‘ibotiga katta e’tibor berilmoqda.
Biz avvalo shuni unutmasligimiz kerak-ki, adolat davlatni yuzini ochadigan, obro‘sini oshiradigan muhim omillardan biridir. Sudyaning har bir chiqargan qarori O‘zbekiston Respublikasining nomidan deb yoziladi. Agar u qaror adolatsiz bo‘lsa, o‘z davlatimizga zarar yetkazilgan hisoblanadi. Ushbu holat biz sudyalarga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi.
Davlatimiz rahbari ushbu yuksak minbardan turib adolat va insonparvarlik kabi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishi, adolat va insonparvarlik har qanday davlatchilikning mustahkam poydevori bo‘lishi lozimligini anglatadi. Zero, sudyalarning ham eng katta vazifasi jamiyat hayotida adolat va insonparvarlikni ta’minlashga ko‘maklashishdir.
Zokir Xudoyqulov,
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi raisi
Sherzod Jamolov,
Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi
O‘zA