Yuksak marralarni ko‘zlayotgan Jasurbek
So‘nggi yillarda mamlakatimizda Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan sport turlarini aholi o‘rtasida ommalashtirish va mahoratli sportchilarni aniqlash maqsadida bir qator samarali ishlar olib borilmoqda. Buning samarasida esa Olimpiya o‘yinlari dasturidan joy olgan har xil sport turlari yurtimizda tashkil etilayotir.
Jumladan, triatlon bugun yoshlarimizning qiziqishi ortib borayotgan sport turlaridan bo‘lib, dastlab 1995 yilda mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” jamiyati tuzilmasida triatlon bo‘yicha bo‘linma sifatida tashkil topdi. Oradan uzoq yillar o‘tib 2019 yil 3 may kuni O‘zbekiston Triatlon federatsiyasi tashkil etildi. Federatsiyaning tashkil etilishi esa mamlakatimizda havaskor va professional triatlonchilar paydo bo‘lishiga zamin yaratdi. Bugungi kunga kelib Traitlon federatsiyasi tomonidan triatlonni ommaviy sport turi sifatida targ‘ib qilish, yoshlarni triatlonga qiziqtirish borasida bir qator nufuzli musobaqalar, sport tadbirlari tashkillashtirib kelinmoqda. Mazkur tadbirlarda esa jahon miqyosidagi professional sportchilar ishtirok etib, mamlakatimiz havaskor sportchilarining mahoratini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Ana shunday havaskor sportchilarimizdan biri Jasur Po‘latovdir. O‘zA muxbiri o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan sportchimiz bilan, mamlakatimizda triatlonchilarga yaratib berilayotgan sharoitlar, mazkur sport turi bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlar va oldindagi rejalar haqida suhbatlashdi.
– Jasur, aytingchi triatlon o‘z ichiga qaysi sport turlarini oladi va necha yildan beri ushbu sport turi bilan shug‘ullanasiz hamda nega aynan triatlonni tanlagansiz?
– Hozirgi paytda Olimpiya dasturiga kiruvchi triatlonning eng ommabop shakli o‘z ichiga suzish, velopoyga va yugurish bosqichlarini oladi. Shu boisdan ham mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchilardan yuqori jismoniy tayyorgarlik talab etadi. Triatlon bilan 2022 yildan beri muntazam shug‘ullanib kelaman. Avval esa 2018 yildan beri yugurish bilan professional tarzda shug‘ullanganman. Triatlon sport turini tanlashimning asosiy sababi bu 3 ta sportni o‘z ichiga olgani, insonni har tomonlama chiniqtirishi, har doim jismoniy holatni bir maromda ushlab turish kerakligi va ommaviyligidir. Qolaversa, bu sport turi xalqaro darajadagi havaskorlar o‘rtasida musobaqalarga qatnashish imkoniyatini berishidir.

– Mashg‘ulotlar qanday o‘tishi haqida gapirib bersangiz?
– Dastlab ushbu sport turi bilan faoliyatimni murabbiysiz boshlaganman. Mashqlarni o‘zim bilganimcha qilar edim, biroq bunday shaklda natija ko‘rsata olmasligim va o‘zim tanlagan marraga yetib bora olmasligimni his qildim va birinchi murabbiyim Yekaterina Kandakova qo‘l ostida shug‘ullandim. Hozirda esa yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan rossiyalik mutaxassis Vyacheslav Kruglov boshchiligida mashg‘ulotlarni olib bormoqdaman.
Mashqlarimiz turlicha o‘tadi. Har bir musobaqa oldidan sportchini qanday masofaga tayyorgarlik ko‘rishiga qarab farqlanadi. Qisqa masofalar bo‘lgan musobaqalarga boshqacha dastur, uzoq masofalarga esa sal murakkabroq dasturlar belgilanadi. Albatta, sportchining jismoniy holati, tayyorgarligi inobatga olinadi. Yuklamalar haftalarga ajratilib beriladi. Masalan, 1-4-haftalarda ko‘proq yengil ko‘rinishdagi mashqlar, 4-8-haftalarda esa intensiv mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Odatda barcha mashg‘ulotlar ertalab va kechqurun tashkil etiladi. O‘rtacha havaskor sportchi uchun haftasiga 8-10 soat mashg‘ulot zarur. Sportchining yuklamalarini murabbiylar uning holatiga qarab belgilab beradi. Triatlonda 3 ta sport turi bo‘lgani uchun bir haftada 3 ta sport turi turli kunlarga taqsimalanadi, masalan dushanba suzish, chorshanba yugurish, payshanba esa velosport. Albatta, haftaning bir kuni to‘liq dam uchun ajratiladi. To‘g‘ri ovqatlanish va sifatli uyqu ham sportchi uchun zarur bo‘lgan elementlardan biri.

– Triatlon mamlakatimizda qanday ommalashmoqda va federatsiya tomonidan yaratilayotgan sharoitlar haqida nima deya olasiz?
– Triatlon bugun aholimiz o‘rtasida jadal ommalashmoqda. Bu sport turida inson haqiqatdan ham o‘zining jismoniy imkoniyatlari qay darajada ekanligini aniqlay oladi. Chunki bir vaqtning o‘zida 3 ta sport turini bir maromda olib borish uchun insonda temir iroda, sabr va chidamlilik bo‘lishi zarur. Triatlonning yana bir ajoyib taraflaridan biri har kim istagan yoshida bu sport bilan shug‘ullanishi, o‘zining ustida ishlab, yaxshi natijalar ko‘rsatishi mumkin. Shu bosidan ham yurtimizda mazkur sport turi yuqori sur’atlarda ommalashmoqda.
Federatsiya ma’muriyati tomonidan triatlon sport turini ommalashtirish, uni yangi pog‘onalarga olib chiqish yo‘lida katta qadamlar qo‘yilgan. Buni har yili o‘tkazib kelinayotgan musobaqalar ko‘lamidan bilsak ham bo‘ladi. Bu yil xalqaro nufuzga ega bo‘lgan “Challenge” poygalari seriyasi ilk bor O‘rta Osiyoda – Samarqand shahrida o‘tkazilishi ham bu sport turining yurtimizda rivojlanayotganidan dalolat beradi. Biz, havaskor va professional sportchilar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

– Oldinda turgan musobaqalar va rejalar haqida gapirib bersangiz?
– Eng katta musobaqa bu joriy yilning 16 va 17 sentyabr kunlari Samarqandda o‘tadigan “Challenge Samarkand” sport festivali doirasida “Challenge Family” xalqaro brendi tarkibiga kirgan triatlon bo‘yicha poygada ishtirok etib, natija ko‘rsatishdir. Hozirda mamlakatimizda shu kunga qadar o‘tkazib kelingan musobaqalarda ishtirok etib kelmoqdaman. Nasib qilsa, Samarqanddagi musobaqada yuqori natija qayd etib, bildirilayotgan ishonchni oqlayman. Shuningdek, xalqaro musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilish va shohsupaga ko‘tarilishni reja qilganmiz. Bu kabi yuksak natijalarga erishishimiz uchun mamlakatimizda barcha imkoniyatlar yetarli.
Ha, bugun Jasur Po‘latovdek yuksak marralarga intilayotgan yoshlarimiz safi kengaymoqda. Umid qilamizki, mamlakatimizda sportga qaratilayotgan e’tibor va yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanayotgan yoshlarimiz, kelgusida yurt sharafini yanada ulug‘lab, Osiyo va Olimpiya o‘yinlari, jahon hamda qit’a chempionatlarida shohsupa to‘ridan joy oladi.
O‘zA muxbiri
Javohir Toshxo‘jayev
suhbatlashdi