Yuksak marralarni ko‘zlagan Mashhura
2024 yil – Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili
Buxorolik Mashhura Yusupova iste’dodli gimnastikachilardan.
Buxoro shahridagi “Nafis” gimnastika sport saroyiga ota-onasi olib borganida u besh yoshli sinchalakdek qizaloq edi. Avvaliga biroz qiynalgan Mashhura tengdosh qizlarga havas qilib, mashg‘ulotlarni yaxshi o‘zlashtirdi, murabbiylari bergan topshiriqlarga so‘zsiz amal qilishni, sport intizomini o‘rgandi.
Ko‘plab iste’dodlarni yuzaga chiqargan taniqli murabbiylar – Rimma Xoxlova va Zarema Denislyamova qo‘l ostida shug‘ullangan Mashhura qisqa fursatda o‘zini namoyon qila boshladi. Ilk musobaqadayoq, ya’ni, badiiy gimnastika bo‘yicha viloyat kubogida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgani uning hayotida muhim voqea bo‘ldi. Axir eng sara sportchilar bahslashadigan musobaqada ilk marotaba qatnashib, undan yaxshi natija bilan qaytish kamdan-kam sportchiga nasib etardida. Shundan so‘ng u birin-ketin muvaffaqiyat pillapoyalari sari ko‘tarila boshladi. O‘tgan davr mobaynida viloyat hamda respublika miqyosidagi saksonga yaqin nufuzli musobaqada ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni band etdi. Sport ustaligiga nomzod, qator medal va diplomlar sohibasi bo‘ldi.
[gallery-15368]
Ayni paytda Mashhura O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining sportni boshqarish fakulteti gimnastika sport turlari nazariyasi va uslubiyoti kafedrasida 2-bosqichda tahsil olmoqda.
M. Yusupova o‘zining namunali xulqi, a’lo baholari, darslar va o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarni puxta o‘zlashtirishi bilan saboqdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotir. U universitet miqyosida o‘tkaziladigan barcha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda, sport musobaqalarida, shuningdek, respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlarda o‘zining ilmiy ishlari bilan faol ishtirok etib kelmoqda.
Sportda muvozanatni saqlash murakkab jarayon. Ya’ni, hamma ham bu sohada olis marralarni ko‘zlay olmaydi. Bir-ikki natijadan keyin bori bilan qanoatlanib qoladigan yoki kichik bir muvaffaqiyatsizlikdan dili siyoh bo‘lib sportni tashlab ketadiganlar ham bor. Qahramonimiz esa hanuz yuksak marralarni ko‘zlashdan to‘xtagani yo‘q.
Tohir ISTATOV(surat),O‘zA