Yuksak marralarni ko‘zlayotgan qiz
Joriy yilgi sport mavsumi Komila Abduqodirovaning bir umr esida qoladigan bo‘ldi. Taekvondo (WTF) bo‘yicha shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Komila “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining Toshkent shahar final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Joriy yilgi sport mavsumi Komila Abduqodirovaning bir umr esida qoladigan bo‘ldi. Taekvondo (WTF) bo‘yicha shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan Komila “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining Toshkent shahar final bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘g‘il-qizlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalash maqsadida uch bosqichli “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari joriy qilingani yoshlarimizning sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi barobarida ularning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishda muhim o‘rin tutmoqda.
Komila Abduqodirova 10 yoshidan taekvondo bilan muntazam shug‘ullanadi. Ayni paytda Rahmat Shukurov va Pavel Xan qo‘l ostida mazkur sport sirlarini puxta o‘rganmoqda. Bu yil Yashnobod tumanidagi 166-umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomladi.
– «Umid nihollari» sport musobaqasi tajriba va mahoratimizni oshirishda muhim bosqich bo‘ldi, – deydi Komila. – Mazkur musobaqada ishtirok etib, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Maqsadim taekvondo (WTF) bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatlarida munosib ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini yanada baland ko‘tarishdir.
Yurtimizda sportga, ayniqsa, qizlar sportiga munosabat tubdan o‘zgargani, ota-onalar farzandining sportga mehr qo‘yishi keyinchalik ular kamolotida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishini anglab yetayotgani bolalar sporti tom ma’noda umummilliy harakatga aylanganidan dalolat beradi.
– Qizimning o‘z ustida tinimsiz izlanishini ko‘rib, ilohim farzandlarimizning baxtu kamoliga ko‘z tegmasin, deyman, – deydi otasi Ilhom aka Abduqodirov. – Komila taekvondo bilan shug‘ulanayotganidan beri vaqtini to‘g‘ri taqsimlashni o‘rgandi. U jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetmoqda. Turli musobaqalarda erishayotgan natijalari bizni yanada xursand qilmoqda.