Buxoroda “Yuksak jangovar ruh askarning yengilmas kuchi armiyaning qudratidir” shiori ostida “Qo‘shinlar madhiyasi”, “Eng jangovar qo‘shiq” va “Eng jangovar chaqiriq va shior” tanlovlarining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
– Tanlovlarni o‘tkazishdan asosiy maqsad harbiy xizmatchilarda milliy g‘urur va ma’naviy fazilatlarga tayanadigan barqaror axloqiy-ruhiy holatni ta’minlashdan iborat, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Marhabo Pardayeva. – Shuningdek, murakkab vaziyatlarga nisbatan bardoshlikni, yuksak jangovar ruhni tarbiyalash hamda ularda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, ona Vatanga muhabbat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga, milliy o‘zligimizni anglatishga qaratilgan, mardlik va matonatni madh etuvchi milliy armiyamizga g‘urur hissini uyg‘otuvchi harbiy xizmatning nufuzini oshiruvchi harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishida jangovor qo‘shiqlarni yaratishdir.


Hakamlar hay’ati tanlovning baholash mezoni asosida ishtirokchilarni baholab bordi. Tanlovning yakuniy xulosasiga ko‘ra, bir qator jamoalar g‘olib bo‘ldi. Respublika bosqichiga ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyati bo‘limi esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandi.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarning ma’naviy-axloqiy tayyorgarlik va jangovor ruhini yanada oshirish, ularda milliy g‘urur va ma’naviy fazilatlarga tayanadigan barqaror axloqiy-ruhiy holatini ta’minlash, yuksak jangovar ruhni tarbiyalash hamda ularda yot g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash maqsadida “Yuksak jangovar ruh – askarning yengilmas kuchi, armiyaning qudratidir!” degan konseptual g‘oya asosida harbiy xizmatchilar, havaskor va professional ijodkorlar o‘rtasida “Qo‘shinlar madhiyasi”, “Eng jangovar qo‘shiq” va “Eng jangovar chaqiriq va shior” respublika tanlovi e’lon qilingan edi.
Tadbir Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari, viloyat Mudofaa ishlari, viloyat Milliy gvardiya, viloyat Favqulodda vaziyatlar, viloyat Madaniyat boshqarmalari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA