“Istiqlol” saroyida Xalqaro nogironlar kuniga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi
Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan jahon sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan paralimpiyachilarimiz sharafiga katta konsert tashkil etildi.
Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tomonidan Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan jahon sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan paralimpiyachilarimiz sharafiga katta konsert tashkil etildi.Joriy yilgi sport mavsumi paralimpiyachilarimiz uchun g‘alabalarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston sportchilari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XV Paralimpiya o‘yinlarida 8 oltin, 6 kumush va 17 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Mazkur nufuzli musobaqada 32 sportchimiz dzyudo, suzish, yengil atletika, o‘q otish va pauerlifting bo‘yicha Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi. Ular ko‘rsatgan natijalari bilan 160 dan ortiq davlat orasida o‘n oltinchi, MDH davlatlari o‘rtasida ikkinchi, Osiyo mamlakatlari ichida uchinchi, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida birinchi o‘rinni egalladi.
Paralimpiyachilarimiz sharafiga O‘zbekiston madhiyasi baralla yangradi, bayrog‘imiz baland hilpiradi. Sportchilarimiz faqat medallarni qo‘lga kiritib qolmay, jahon va Paralimpiya o‘yinlari rekordlarini ham yangilab, o‘zlarining ulkan salohiyat va iste’dodga ega, yuragi shijoatga to‘la ekanini isbotladi. Nufuzli musobaqada sportchilarimiz tomonidan 7 Paralimpiya o‘yinlari, 6 jahon va 12 Osiyo rekordi o‘rnatildi.
Tadbirda mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida ko‘rsatilayotgan doimiy g‘amxo‘rlik samarasida o‘zbek paralimpiyachilari jahon maydonlarida yuksak natijalarga erishayotgani ta’kidlandi. Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi talqiniga ko‘ra, Paralimpiya o‘yinlari g‘oliblari – dzyudo ustasi Sherzod Namozov va yengil atletikachi Nozimaxon Qayumova “Yilning eng yaxshi sportchisi”, suzish bo‘yicha bir yo‘la uchta medalni qo‘lga kiritgan Fotimaxon Amilova “Yilning eng yaxshi yosh sportchisi”, yengil atletika ustasi Miran Saxatov “Eng matonatli sportchi”, dzyudo bo‘yicha terma jamoa murabbiyi Rasul Saidov “Yilning eng yaxshi murabbiyi”, deb e’lon qilindi.
– Xalqaro maydonlardagi bunday muvaffaqiyatlarimiz mamlakatimizda har bir insonning iqtidor va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasidir, – deydi Sherzod Namozov. – Shunday Vatanda tug‘ilib voyaga yetayotganimdan, jahon arenalarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilayotganimdan baxtiyorman.
Bayram tadbirida taniqli san’atkorlar va yosh ijrochilar tomonidan Vatan, istiqlol va yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.