3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni
Guljanoy Naimova, Nurxon Qurbonova, Asila Mirzayorova, Kubaro Ahmedova, Doniyorjon Ahmedov, Doniyor Soliyev, Bobirjon Omonov, Dmitriy Xorlin, Kemran Nurullayev, Kirill Pankov...
Bu ro‘yxatni yana davom ettirish mumkin. Yaqinda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan bu sportchilarimizning barchasi bilan har qancha faxrlansak, ularning nomlarini g‘urur bilan tilga olsak arziydi. Ushbu musobaqada yurtimiz paralimpiyachilari insonning o‘zida xohish, intilish bo‘lsa, jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lishidan qat’iy nazar, yuksak maqsadlarga erishishi mumkinligini isbotladi.

Xo‘sh, ularning xalqaro maydonlardagi nufuzli musobaqalarda olamshumul g‘alabalarni qo‘lga kiritayotganining boisi nimada, zamirida nimalar mujassam?
Inson sha’ni ulug‘langan, uning tinch-osoyishta, farovon hayot kechirishini o‘zining bosh maqsadi etib belgilagan yurtdagina o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. Har bir fuqaro jamiyat ravnaqiga, Vatan obro‘sini yuksaltirishga o‘zining munosib hissasini qo‘shish maqsadi bilan yashaydi.

Shu ma’noda, paralimpiyachilarimiz erishayotgan ulkan g‘alabalar mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga ko‘rsatilayotgan mehr va g‘amxo‘rlik tufaylidir. Jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishiga qaratilayotgan doimiy e’tibor tufayli sportchilarimiz kuch va salohiyatda hech kimdan kam emasligini isbotlamoqda.

Yurtimizda paralimpiya harakatini rivojlantirish, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni sportga jalb etish, ularning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyat yaratish, iqtidor va iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida 2007 yilda O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tashkil etildi. Assotsiatsiya 2021 yili Prezidentimiz qarori bilan O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasiga aylantirildi.
Mazkur 2021 yil 18 maydagi “Paralampiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga asosan yurtimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni, shu jumladan, yoshlarni sport bilan shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ularning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirokini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, so‘nggi ikki yil davomida mahallabay ishlash tizimi joriy etilgan bo‘lib, unda mahallalardagi nogironligi bo‘lgan shaxslar, ularning nogironlik belgilari va sportga layoqatlilik darajasi o‘rganilmoqda. 2023 yil 1 dekabr holatiga, mamlakatimizda jami nogironligi bo‘lgan shaxslar 924 mingni tashkil etmoqda. Shundan, 220 ming 298 nafari 10-35 yoshli nogironligi bo‘lgan shaxs (bola)lardir. Ularni sportga jalb qilish maqsadida 2022 yildan beri “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalari tashkil etilmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida mazkur sport musobaqalarida ishtirok etish istagini bildirgan 34 ming 401 nafar yoshlar “beshtashabbus.uz” platformasi orqali ro‘yxatga olingan. Shundan, 20 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan yoshlar “Besh tashabbus paralimpiadasi” ommaviy sport musobaqalarining birinchi, ya’ni tuman (shahar) bosqichida ishtirok etdi.
Shu bilan birga, “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalari ikkinchi mavsumda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi 100 ga yaqin alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazildi. 7 ming 500 nafarga yaqin o‘quvchilar qamrab olindi. 2023 yilning 1 dekabr holatiga, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimidagi mavjud 254 ta sport maktablarining 242 tasi, yoki 95 foizida 562 nafar trenerlar tomonidan 19 ta para sport turlari bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, ularga 3 ming 547 nafar sport bilan shug‘ullanuvchilar qamrab olingan.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga oshgan. 2022 yildan boshlab ilk marotaba trener va mutaxassislarning paralimpiya sport turlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilib, trenerlar malakasini oshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Sport ta’lim muassasalarida sport turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 541 nafar trenerlarning 14 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha malakasi oshirildi.
2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida Paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etildi.
Mazkur Institut tomonidan tasdiqlangan 2023 yilgi o‘quv rejaga muvofiq, 19 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha 951 nafar trenerlar malaka oshirish o‘quv kurslarida ishtirok etdi. 2023 yilning 1 dekabr holatiga, jami 820 nafar trenerlar test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirib, maxsus sertifikatga ega bo‘ldi. Hozirda 1 ming 300 nafarga yaqin malakali murabbiylar mavjud.

E’tiborli jihati, ilk marotaba “On-line_test” platformasi joriy etilib, “my.gov.uz” orqali integratsiya qilindi. Natijada Paralimpiya sport turlari bo‘yicha maxsus sertifikatga ega bo‘lgan trener va mutaxassislarning yagona ma’lumotlar bazasi yaratildi.
2022 yildan boshlab, Respublikadagi mavjud Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etildi. 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab, nogironligi bo‘lgan sportchi yoshlar uchun 10 foizlik qabul kvotalari ajratildi. 2023/2024 o‘quv yilida Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga tasdiqlangan reja (kvota)ga muvofiq, 11 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha jami 206 nafar o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilindi. Joriy yilning 1 dekabr holatiga markazlarda jami 302 nafar o‘quvchi-sportchilar tahsil olmoqda.
Mavjud 14 ta markazlarda 11 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha: para yengil atletikada 91, para pauerliftingda 44, para suzishda 39, para dzyudoda 32, para taekvandoda 28, para akademik eshkak eshishda 22, para qilichbozlikda 20, para velosportda 16, para voleybolda 9, para stol tennisda 3 va para kamondan otishda 1 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Mazkur o‘quvchilarning 18 nafari, ya’ni umumiy o‘quvchilarning 6 foizi bugungi kunda Paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolari hisoblanadi.

Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi islohotlar samarasi paralimpiyachilarimizning jahon va qit’a chempionatlarida, Paralimpiya va Paraosiyo o‘yinlarida erishayotgan yutuqlarida ham o‘z isbotini topmoqda. O‘zbekistonlik paralimpiyachilarning nufuzli musobaqalardagi ishtiroki va erishayotgan g‘alabalari soni tobora ortib bormoqda.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, bugungi kunda 14 ta para sport turlaridan Paralimpiya terma jamoalari a’zolarining soni 591 nafarga yetdi. Shundan, 198 nafari xotin-qizlarni tashkil etadi. 2023 yilgi sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga asosan o‘tgan 11 oyda jami 171 ta sport tadbirlari tashkil etildi. Shundan, 9 ta Paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati, 118 ta mahalliy, 2 ta xalqaro miqyosda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda 44 ta xalqaro sport musobaqalaridir. 44 davlatda tashkil etilgan xalqaro sport musobaqalarida sportchilarimiz jami 209 ta medalni, jumladan, 63 ta oltin, 75 ta kumush hamda 71 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgan. Dekabr oyida yil so‘ngiga qadar 8 ta paralimpiya sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionatlari tashkil etiladi.
– Paralimpiyachilarimizning erishayotgan natijalari Paraosiyo o‘yinlarida yanada salmoqli bo‘ldi, – deydi Milliy paralimpiya qo‘mitasi ta’lim, axborot-tahlil va hududiy bo‘limlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Anvar Mursakulov. – Misol uchun, 2010 yili Xitoyning Guanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan Paraosiyo o‘yinlarida paralimpiyachilarimiz bor yo‘g‘i 1 oltin, 2 kumush va 3 bronza, jami 6 medalni qo‘lga kiritgan edi. Yaqinda Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida sportchilarimiz 25 oltin, 24 kumush va 30 bronza, jami 79 medalga sazovor bo‘ldi. Hozirga kelib 13 para sport turi bo‘yicha natijalarimiz yuqorilab bormoqda. 2024 yildan boshlab ommaviy sport turlari – 5x5 futbol, aravachada regbi, aravachada qilichbozlik, aravachada tennis va para voleybol kabi bir qator sport turlariga ko‘proq urg‘u berilishi ko‘zda tutilgan. Bu borada Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti xalqaro tajribani qo‘llash maqsadida Rossiya va Angliya universitetlari bilan memorandum imzolamoqda.

Ha, shunday qilib, O‘zbekistonda paralimpiya harakati jadal ommalashmoqda. Nufuzli musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan paralimpiyachilarimiz soni tobora ortmoqda. Har bir sohaga qaratilayotgan ulkan e’tibor, albatta, o‘z natijasini ko‘rsatmay qolmaydi. Bu natija esa mamlakatning xalqaro maydondagi yutug‘i va obro‘sini oshiradi. Bugun o‘zbekning mard va jasur farzandlari o‘zlari tanlagan sohada yuksak marralarni zabt etmoqda.
– Xanchjouda erishgan g‘alabamiz bizga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, kuchimizga kuch qo‘shdi, – deydi taekvondo WT bo‘yicha Paraosiyo va Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi Guljanoy Naimova. – Navbatdagi marra Paralimpiya o‘yinlari. Mazkur nufuzli musobaqada ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, oltin medallarni qo‘lga kiritish niyatidamiz.
Bugun paralimpiyachilarimiz 2024 yilda Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan XVII Paralimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etish va yuksak g‘alabalarni qo‘lga kiritish, asosiysi, Vatanimiz sha’nini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilishdek ulug‘ maqsad yo‘lida ushbu musobaqalarga Prezidentimizning "2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida” qaroriga muvofiq astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bularning barchasi mamlakatimizda inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish, millati, tibbiy va ijtimoiy ahvolidan qat’iy nazar, har bir o‘g‘il-qizning ma’naviy-jismoniy kamoloti yo‘lida zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasidagi keng ko‘lamli ezgu ishlarning amaldagi samaralaridir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA