Yuksak ehtirom namunasi
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va nuroniylarga alohida ehtirom ko‘rsatish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga bo‘lgan e’tiborni yanada mustahkamlamoqda.
Prezident rahbarligida yurtimizda ezgulik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda nuroniylar, ehtiyojmand oilalar hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etyapti.
Ana shunday savobli ishlar davomi sifatida yurtdoshlarimizdan 100 nafar fuqaro “Prezident hojisi” degan yuksak maqomga munosib ko‘rilib, muborak Haj safariga yo‘l olish baxtiga musharraf bo‘lmoqda. Bu tashabbus nafaqat ehtirom va e’tirof ramzi, balki inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan ezgu siyosatning amaliy ifodasi sifatida ham katta ahamiyatga ega.

Buxoro viloyatidan uzoq yillar davomida xalq xizmatida fidokorona mehnat qilgan, jamiyat hayotida faol ishtirok etgan 7 nafar nuroniy va faol yurtdosh tanlab olinib, ularga “Prezident hojisi” uchun ajratilgan maxsus sovg‘alar va Haj yo‘llanmalarini topshirish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tantanali tadbirda viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Aziz Qalandarov, “Nuroniy” jamg‘armasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilligi, Mahallalar uyushmasi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Marosim davomida M.Abdullayeva, X.Abdullayev, G.Razzoqov, Z.Sharipova, O.Murodova, M.Fattohov va D.Shukurovalarga haj yo‘llanmasi sertifikatlari, maxsus sumka va chemadon jamlanmalari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, ikki nafar yurtdosh — M.Fattohov hamda D.Shukurovaga televizorlar ham taqdim etildi.
“Prezident hojisi”ning safari har tomonlama munosib tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, viloyat hokimligi tashabbusi bilan joriy yilning 17-may kuni “Buxoro–Toshkent” yo‘nalishidagi temir yo‘l chiptalari olib berildi. Shu bilan birga, safar davomida hamrohlik qilish uchun viloyat hokimligidan mas’ul xodim biriktirildi.

Shuningdek, hojilarni munosib kuzatish va ularni Haj ziyoratidan qaytishlarida samimiy kutib olish bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar yuqori darajada amalga oshirilishi belgilandi.
Bunday ezgu tashabbuslar yurtimizda inson manfaati va qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati amalda o‘z ifodasini topayotganining yana bir yorqin namunasidir. Ayniqsa, nuroniylarga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom va g‘amxo‘rlik xalqimiz orasida mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri