Yuk mashinasiga yashirilgan tamaki mahsulotlari manziliga yetolmadi
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona postida ikki holatda mamlakatimiz hududiga 323 quti sigaret va 680 dona nikotinli snyus ya’ni, tutunsiz nikotin mahsulotining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi.
Bojxonachilar qo‘shni davlatdan mamlakatimiz hududiga kirib kelgan yuk avtotransport vositasini belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazganida kabinasining tom qismida xufiyona tarzda yashirilgan 140 quti sigaret hamda 530 dona nikotinli snyus mahsuloti borligi ma’lum bo‘ldi. Ikkinchi holatda yuk avtotransport vositasi kabinasidan yashirincha olib o‘tishga urinilgan 183 quti sigaret va 150 dona nikotinli snyus mahsuloti ushlab qolindi.

Ayni paytda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri