Yozyovonda yangi bozor ish boshladi
Mustaqilligimizning 24-yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida zamonaviy dehqon bozori foydalanishga topshirildi.
Mustaqilligimizning 24-yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanida zamonaviy dehqon bozori foydalanishga topshirildi.
Mamlakatimizda yangi savdo majmualari, bozorlar qurish, mavjudlarini kengaytirish, sotuvchi va xaridorlarga yanada qulay sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Butunlay qayta rekonstruksiya qilingan dehqon bozorida go‘sht, sut, baliq mahsulotlari pavilyonlari, oziq-ovqat, quruq meva, non, hunarmandlik buyumlari do‘konlari tashkil etildi. Yangi rastalarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sifatini saqlagan holda sotish uchun barcha qulaylik yaratilgan.
– Sotuvchilar uchun ham, xaridorlar uchun ham zarur sharoit bo‘lishi e’tiborga olingan holda barpo etilgan bozor ish boshlaganidan tumanimiz ahli xursand, – deydi “Yozyovon dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilmurod Ergashev. – Keng, shinam, ozoda pavilyon va do‘konlar yong‘in xavfsizligi, sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob beradi. Aholi kerakli mahsulotlarni ko‘rkam, zamonaviy bozordan nisbatan arzon narxda, shuningdek, plastik kartochkalar yordamida xarid qilishi uchun imkoniyat yaratildi.
Bozorning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev so‘zga chiqdi.