Yozyovonning Gasson mahallasiga borib, Muborakxon va Isroiljon Akbarovlarni so‘rasangiz, “ha, pillachilarmi?” deb o‘zingizga murojaat qilishadi. Bu bejiz emas, albatta. Er-xotin – Muborakxon va Isroiljonlar qurt urug‘i parvarishlash, pilladan mo‘l hosil yetishtirishning “piri” bo‘lib ketishgan. Atrof- mahalla, qishloqlardan ham bu xonadonga kelib maslahat so‘rashadi. O‘n yillarki, xonadon mamlakatda birinchilardan bo‘lib, hosil yig‘ishga kirishadi. Bu yil ham shunday bo‘ldi.
– O‘ttiz yildan buyon ipak qurti tutamiz. Bu yil 4 quti qurt urug‘i olgandik. Xudo xohlasa, 2500 kilo pilla topshiramiz, – deydi Isroiljon Akbarov.
– Ishqibozlik bilan tutamiz qurtni. Qiyinchilik yo‘q. Har yili mukofot olamiz, – deydi Muborakxon Akbarova.
Bugun ertalab Gasson mahallasidagi bu xonadon yana gavjum bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘ yig‘ildi. Hosilga baraka tilab duoi fotiha qildilar. Shu pallada viloyat hokimi Xayrulla Bozorov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari ham kelib qolishdi. Pilla bilan tanishgach, hokim oila boshliqlariga astoydil mehnatlari uchun minnatdorlik bildirdi va ularning har biriga sovg‘alar taqdim etishdi.
[gallery-23164]
–132 ming qurt boquvchi kasanachilar bilan shartnoma tuzganmiz. Bu yil pilla hosili mo‘l, – deydi Farg‘ona viloyati “Agropilla” rahbari Ahrorjon Fozilov. – Har yilgidek ob-havo isib ketmadi, qurtlar zaharlanmadi. Qolaversa, qurt boquvchilar soni yildan- yilga ko‘paymoqda. Ikki quti qurt parvarishlagan oila bir oyda 8-10 million so‘m daromad topyapti. Prezident qaroriga ko‘ra, bir oy pilla yetishtirgan shaxsga bir yillik ish staji hisoblanadi.
Farg‘ona viloyatida 3600 gektar tut plantatsiyalari bor. Ozuqadan muammo bo‘lmadi. Hamma yerda hosil mo‘l. Masalan, birgina Yozyovon tumanida 2145 quti ipak qurti parvarishlandi. Qurt 1500 ta xonadonga tarqatilgan edi. Shartnoma reja 129 tonnani tashkil etadi. Ammo mo‘ljal 135 tonnadan kam emas. Qolaversa, bu yil Yozyovonda sinovdan o‘tgan plyonka ostida qurt boqish usuli qo‘llandi.
– Plyonkaning afzallik tomoni shundaki, barg tejaladi, ipak qurtlariga yetarli darajada issiqlik yetkazib beradi, kasallikning oldini oladi, – deydi Yozyovon tumani “Agropilla” rahbari Oyshaxon Ibrohimova. –Shuning uchun bizda pilla yetishtirish doim respublikada birinchi bo‘ladi. Har yili tumanimizga bir million tupdan ziyod tut ko‘chati ekamiz. Shuning uchun bizda ozuqa muammosi bo‘lmaydi.
Yana raqamlarga to‘xtalsak, bu yil Farg‘ona viloyatida 46436 quti ipak qurti boqilyapti. 2786 tonnalik hosil uyish reja qilingan. Bu esa 2017 yilga nisbatan 800 tonna ko‘p bo‘lib, har qutidan o‘rtacha 60 kilogramm deganidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/16ccMJCsG8M" title="Yozyovonda pilla terimi boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyorbek Olimov (video,surat), O‘zA