Yozyovon tumani hokimi faxriy o‘qituvchini yo‘qladi
Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, oilalar va mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, yoshlarni xalqimizning ko‘p asrlik an’analarini hurmat qilish ruhida tarbiyalashdagi rolini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi qarori bilan har yili oktyabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilangan. Farg‘ona viloyatida ham joriy yil 4-10 oktyabr kunlari “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Keksalar haftaligi” keng nishonlanmoqda.
Yozyovon tumanida bugungi kunda 9 mingdan ortiq yoshi ulug‘ insonlar umrguzaronlik qilib kelmoqda. Ularning 445 nafarini 80 yoshdan oshgan keksalar tashkil etadi. Ta’lim maskanlari, mahallalarda haftalik doirasida alohida e’tibor va e’zoz ko‘rsatilmoqda. Tumandagi 7 nafar yakka yolg‘iz istiqomat qilayotgan keksalar holidan xabar olindi, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda.
“Mustahkam do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida ibratli hayot kechirayotgan insonlar ko‘plab topiladi. Bir umr o‘qituvchilik kasbiga sodiq qolib, halol mehnat qilganlardan biri Nizomjon ota Jo‘rayevdir. U kishi nafaqada bo‘lsada, doimo xalq orasida.

Yozyovon tuman hokimi Dilshodjon Jalilov, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzodjon Dolimov Nizomjon ota Jo‘rayev xonadonida bo‘ldi. U kishi bilan samimiy suhbatda halol mehnat insonni ulug‘lashi yana bir bor e’tirof etildi.
Otaxon 39 yil maktabda fizika fanidan dars bergan. To‘rt farzandi ota izidan borib, o‘qituvchilikni tanlashgan, biri esa shifokor. Faxriy muallim yaxshigina bog‘bon ekan. Tomorqasiga ekkan qovun, qalampirdan yaxshi daromad olmoqda. Yong‘oq, pista kabi ko‘chatlar parvarishlanmoqda. O‘tgan yildan asalari boqishni ham boshladi. Otaxon mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlaridan, hashar yo‘li bilan maktab qurilayotganidan xursandligini yashirmadi. Chunki tuman hokimining tashabbusi bilan 35 –maktabda 140 o‘rinli yangi maktab binosi homiylik asosida bunyod etilmoqda. Bu mahalla keksalarini behad mamnun etmoqda.

– Sizlarning duolaringiz, o‘gitlaringiz bizga katta kuch bag‘ishlaydi, –deydi tuman hokimi D. Jalilov. – Keksalar bor joyda fayz, baraka bo‘ladi. Mustahkam do‘stlik mahallasida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari tinch-totuv, hamjihat bo‘lib, yashab kelmoqda. Yoshi ulug‘lar har bir tadbirda bosh bo‘lishmoqda. Nuroniylarimiz bizning tayanch ustunlarimizdir. Shukronaliklarining o‘zida katta hikmat bor aslida.
M. Sulaymonov, O‘zA