Yozyovon: pilla terimi boshlandi (+video)
Yozyovon tumanidagi Cho‘li Guliston qishlog‘ida bugun pillaning chilgi hosilini terishga kirishdilar. Suydixon Rahmonovalar oilasi 2 quti qurt urug‘i boqishgan edi.
– Aprel oyida 40 gramm qurt urug‘ini olganmiz, 4 ta o‘g‘lim, 4 ta kelinim hammamiz mehnat qilamiz, –deydi mohir pillakor. – Rejamiz 120 kilogramm edi. Hosil mo‘l bo‘lganligi uchun kamida 150-160 kilogrammga yetishi kutilyapti.

O‘zbekiston dunyoning yirik pilla yetishtiruvchi davlatlaridan biridir. Shuningdek, so‘nggi yillarda eksport tarkibida pillani qayta ishlab olingan ipak hajmi keskin ko‘paydi. Tut madonlari 55 ming gektarga yetdi. Natijada 2023 yilda 26 ming tonna pilla yetishtirildi. Bunda farg‘onalik pillakorlarning ham ulushi salmoqli.
Birgina Yozyovon tumanida 2145 quti qurt urug‘i 1400 ta boquvchiga tarqatildi. Ular 129 tonna pilla xomashyosi olishni rejalaganlar. Tumanda bu yil ilk bor xorijiy tajriba qo‘llanildi.

– Vetnam usulini qo‘lladik, plyonka ostida pilla yetishtirishning afzalligi shundaki, ozuqa tejaladi, ipak qurtlari kasallikka chalinmaydi, tabiatda havo harorati o‘zgarganda u ipak qurtiga ta’sir qilmaydi, – deydi Yozyovon tumani “Agro pilla” MCHJ rahbari Oyshaxon Ibrohimova. –Maqsadimiz ishsiz fuqarolarni, avvalambor ayollarni ipak qurti tutishga hamda pilla yetishtirishga jalb etish. Shunday usulda ko‘prok ishchi o‘rni yaratish.

Pillachilikdagi muvaffaqiyatlar ozuqa ta’minotidagi o‘zgarishlar, xom ashyoning xarid narxi oshganligi, yangi tizim – pilla – ipakchilik klasterlari tashkil etilgani bilan ham bog‘liq. Ammo sohada hali muammolar ham yetarli. Ular bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan videoselektorda tilga olindi. Ta’kidlandiki, ipakdan tayyor mahsulot ulushini, jumladan pillani chuqur qayta ishlab, tayyor ipak mahsulotlari, mato va uy tekstili ishlab chiqaradigan quvvatlarni ko‘paytirish zarur.

Ipak qurti ozuqasi masalasi ham muhim. To‘g‘ri, joylarda yangi tutzorlar, tut plantatsiyalari tashkil etilyapti. Lekin buning uchun bo‘sh yer kerak. Yig‘ilishda davlat rahbari paxta maydonlari atrofiga bir-ikki qatordan tut ekishni tavsiya qildilar. Ana shunday qilinganida qo‘shimcha 50-60 ming tonna ozuqa zaxirasi shakillanadi. Xolbuki, bunday tajriba mavjud. Endi uni fermerlar va klaster mutasaddilari rivojlantirishi lozim.
Bugungacha Yozyovon tumanida 125 gektar tutzor bor edi.

– Bahorgi mavsumda 500 ming tup tut ko‘chatlarini ekdik. Muhtaram Prezidentimizning bugun o‘tkazgan videoselektorida bergan topshiriqlarini bajarish maqsadida kuzda tumanimizga 2 million tup tut ko‘chati tayyorlab, fermerlar ishtirokida dala chetlariga ekamiz, – deydi Oyshaxon Ibrohimova.
Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov ilg‘or pillakor Suydi opa Ibrohimova erishgan yuksak natija uchun ularni munosib taqdirladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KWwgQNQ2ZdM" title="YOZYOVON: PILLA TERIMI BOSHLANDI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA