“Sirdaryocha to‘y qilamiz”, “Sirdaryoga qo‘nib o‘ting, do‘stlarim”, “Sirdaryoning bo‘ylarida uylarimiz” kabi kitoblar muallifi, “Shuhrat” medali sohibasi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyat bo‘limining mutaxassisi Dilorom Ismadiyorova viloyatda kitobxonlar va adabiyot ixlosmandlari orasida keng tanilgan ijodkorlardan biri hisoblanadi.
Shu kunlarda mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” V Respublika kitobxonlik haftaligi doirasida Sirdaryo viloyat bolalar kutubxonasida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etgan ijodkor o‘zining mingdan ortiq kitobini mahalla va maktablar, harbiy qismlar kutubxonalariga tuhfa qildi.

– “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” haftaligi yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bolalarimizning ko‘zlaridagi qiziqish, qo‘llaridagi kitob – bizning eng katta yutug‘imiz. Yurtdoshimiz Dilorom Ismadiyorova tomonidan kitoblar sovg‘a qilingani bizni xursand qildi. Bu kitoblar farzandlarimizning qalbiga ziyo baxsh etishi bilan bir qatorda tafakkurini ham boyitadi, – dedi viloyat bolalar kutubxonasi direktori Shoira Shukurova.
Shu kuni Dilorom Ismadiyorova hayotida yana bir muhim voqea yuz berdi. Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabida o‘tkazilayotgan “Zomin” yosh ijodkorlar seminarining hududiy bosqichi doirasida u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi. Unga guvohnomani O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir tantanali ravishda topshirdi.

– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi bo‘lish men uchun katta sharaf va bir vaqtning o‘zida ulkan mas’uliyatdir. Bu guvohnoma mening ijodimga berilgan ishonch, qalamim orqali yurtimga va kitobxonlarimga xizmat qilish uchun yangi da’vatdir. Bu kunni hayotimdagi eng yorqin sahifalardan biri sifatida eslab qolaman, – dedi adiba o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan.
Bunday ezgu tashabbus va e’tiroflar yurtimizda ma’naviyat va madaniyatga bo‘lgan e’tiborning yorqin ifodasidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri