1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni
Yoz faslini bolajonlar orziqib kutadilar. Sababi, bu fasl ularning to‘laqonli dam olishi, ona-tabiatdan zavqlanishi, vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qulay imkoniyatdir.
Uch oylik ta’til davomida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va samarali tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qanday tayyorgarlik ko‘rildi?
Vazirlik axborot xizmati ushbu mavzu yuzasidan O‘zA muxbiriga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Jumladan, yoz mavsumida oromgohlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash bilan bog‘liq tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda hududiy boshqarmalarda “Yoz-2025” shtabi tashkil etildi.
Joriy yilda vazirlik tizimidagi 5 ta dam olish maskaniga 1 million 400 ming nafar bola qamrab olinishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, tajribali o‘qituvchi va mutaxassislarni jalb qilgan holda 47 ta ixtisoslashtirilgan sog‘lomlashtirish oromgohlari ham tashkil etiladi.

“Yoz-2025” mavsumini mazmunli tashkil etish maqsadida tayyorgarlik ishlari allaqachon boshlab yuborilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 553 nafar pedagog kadrlar ro‘yxati shakllantirilib, ular 36 soatlik maxsus o‘quv dasturlar asosida o‘qitildi.
Oromgoh rahbarlari, pedagoglar hamda to‘garak rahbarlari uchun uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, elektron shaklda barcha hududlarga yetkazildi.
Pedagog xodimlarning belgilangan tartib asosida ish olib borishlari uchun namunaviy ish rejasi tayyorlandi.
Shuningdek, dam oluvchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishini tashkil etish uchun 2 turdagi uslubiy qo‘llanma pedagog xodimlarga tarqatildi va yetkazildi.
Shuningdek, stansionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun joylarda (ta’lim muassasalarida) 1 ming 239 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari (bepul) tashkil etiladi va ularda 168 ming 574 nafar bola dam oldirilishi rejalashtirilgan.
Bu borada mavsum boshlanishidan 10 kun avval maydonchalar mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqiladi, ularning xulosasiga asosan to‘liq tayyor holatga keltiriladi.
Shuningdek, oromgohlarda ta’lim-tarbiya va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratgan holda quyidagi ishlar amalga oshiriladi.
Jumladan, bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohlarga 65 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib beriladi.
Sog‘lomlashtirish maydonchalarida yozgi ta’tilni maroqli tashkil etish uchun mehnat ta’tiliga chiqmagan 11 ming nafardan ortiq pedagog jalb qilinadi.
Ushbu maydonchalarda sport, san’at va IT yo‘nalishlarida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda bolalarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.
208 ta “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” bolalar ansambli jamoalarining teatr va konsert dasturlari uyushtiriladi.
Yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 3 ta yo‘nalishdagi to‘garaklardan iborat qisqa muddatli “Ijodkor bolalar oromgohi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlar o‘g‘il-qizlarimizning har jihatdan sog‘lom va barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi yo‘lidagi amaliy g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri