Yoz mavsumini bolajonlaruchun maroqli va foydali mashg‘ulotlar asosida o‘tkazish uchun joriy yilda mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan katta tayyorgarlik ko‘rildi. Bu yilgi mavsum 1 iyundan boshlanib, birgina Toshkent shahrida 61ta yozgi oromgoh faoliyat olib boradi. Shundan 20 tasi statsionar, 41 tasi kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonlari bo‘lib, 35 ming nafardan ziyod bolajonlarning sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.
Ularning mazmunli va qiziqarli dam olishlari uchun Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan 12 kunlik namunali dastur ishlab chiqildi va shu asosida vazifalar belgilab berildi. Maqsad har xil o‘yinlar orqali, mazmunli uchrashuvlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar yordamida yoshlarda murakkab fikrlash qobiliyatini shakllantirish, nostandart yechimlar topishga o‘rgatish, faol hayot tarziga moslashtirishdan iboratdir.
- Hukumat rahbari boshchiligida yaqinda yig‘ilish o‘tkazildi va unda barcha mutasaddilarga topshiriq berildi, - deydi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Madaniy-ma’rifiy va sport bo‘limi rahbari Tohir Abdurahmonov. - Madaniy xordiq berish, intelektual salohiyatini oshirish va ijodkorligini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgandi. Bunda biz tarbiyachi, yetakchilarga suyanamiz. Shu maqsadda bugungi kunda respublika bo‘ylab o‘quv seminarlari tashkil qilindi.
Bundan tashqari oromgohlarga yo‘llanmalarni olishda shaffoflikni ta’minlash va aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Oromgohlar.uz” elektron platforma ishlab chiqilib, joriy etildi. Bugungi kunda joylarda oromgohlarga jalb etiladigan rahbar xodimlar, tarbiyachilar, ustoz va murabbiylar ishtirokida o‘quv amaliy seminarlar davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/JuTmpPdAh54" title="Yozgi oromgohlar uchun dasturlar ishlab chiqildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA