Mamlakatimizda yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirishga jiddiy e’tibor qaratiladi. Ushbu masala O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi faoliyatida ham ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tashkilot matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, oromgohlar faoliyatini yanada jonlantirish, ularni mavsumga tayyorlash va yoz mavsumida bolalarning ta’lim-tarbiyasini yanada yaxshilash maqsadida bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va uning huzuridagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, 2025 yilda yozgi mavsumda 189 ta statsionar turdagi oromgohlarda 158 ming 780 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Shu jumladan, bevosita O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi 81 ta oromgohda esa 76 ming 655 nafar o‘g‘il-qizning dam olishi rejalashtirilgan.
Ushbu oromgohlarning yo‘llanmalari “Oromgohlar.uz” elektron platformasi orqali yuridik va jismoniy shaxslarga onlayn sotilmoqda. Platformadan foydalanish va yullanmalarni xarid qilish yuzasidan 14 ta hududlarning barchasida seminar-treninglar tashkil etildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusiga asosan AQSH, Xitoy va Rossiya kabi davlatlarning turdosh oromgohlar assotsiatsiyalari bilan Hamkorlik memorandumlari imzolandi. Natijada oromgohlar uchun ishlab chiqilgan 12 kunlik dastur xorijiy tajriba bilan milliy qadriyatlarimizni o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda mazmunan boyitildi va yangilandi. Dasturda bolalarning oromgohlarda o‘tkazadigan 12 kun davomidagi vaqti “kunbay” va “soatbay” qayd etiladi.

Ushbu 12 kunlik dastur Vazirlar Mahkamasining 2025yil 7 apreldagi 29-son bayoni bilan tasdiqlandi. Mazkur dasturda belgilangan tadbirlarni tashkil etish uchun O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi huzuridagi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish Departamenti bilan birgalikda vazirlik va idoralar ham mas’ul etib belgilandi.
Dasturga muvofiq, birinchi kun “Salom oromgoh” kuni deb nomlanadi. Bu kuni tanishuv-musiqiy tadbirlar o‘tkaziladi va bunga Departament mas’ul etib belgilangan. Ikkinchi kun – “Bolalar festivali” kuni.
Unda yangi O‘zbekiston g‘oyasini targ‘ib etuvchi rasmlar, she’rlar va qo‘shiqlar tanlovi, “Yangi O‘zbekistonda – mening oromgohim” nomli videoroliklar namoyishi, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida tadbirlar o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga Madaniyat vazirligi hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul etib belgilangan.
Uchinchi kun – “Harbiy vatanparvarlik” kuni. Bu kunda “Besh kurash” bo‘yicha “Harbiylashtirilgan estafeta” sport musobaqalari, harbiylar va yoshlar uchrashuvlari va ko‘rgazmalari o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul etib belgilangan.

To‘rtinchi kun – “Milliy qadriyatlar” kuni. Bu kunda “Milliy sport o‘yinlari”, “Milliy liboslar” ko‘rgazmali chiqishlari va viloyatlar milliy raqslari dasturi namoyish etiladi. Bu tadbirlarga Madaniyat hamda Sport vazirliklari mas’ul.
Beshinchi kun – “Zakovat” kuni. Bu kunda “Ertaklar olamiga sayohat”, “Kitobxonlik” tanlovlari, “Zakovat” intellektual o‘yini va shaxmat musobaqalari o‘tkaziladi. Bu tadbirlarni Yoshlar ishlari agentligi, Zakovat NNT, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi tashkil etadi.
Oltinchi kun – “Ijod va iste’dod” kuni. Bu kunda “Talant shou”, “Qiziqarli teatr” spektakl namoyishi va “Mashhurlarga taqlid” musiqiy badiiy chiqishlari tashkil etiladi. Ushbu tadbirlarga Madaniyat vazirligi mas’ul etib belgilangan.
Yettinchi kun – “Ona tabiatni asrash” kuni. Bu kunda “Ona tabiat mening nigohimda” 10 metrli rasm chizish tanlovi va "Qayta ishlash" ko‘rgazmasi, “Ona tabiatni asraylik” nomli sahna ko‘rinishi yoki bolalar o‘zlari tayyorlagan videoroliklar namoyishlari o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga Ekologiya vazirligi mas’ul.
Sakkizinchi kun – “Mohir qo‘llar – kasb-hunar” kuni. Bu kunda kasbga yo‘naltirilgan “Oromgoh xazinasi” interfaol o‘yini, “Kubik-rubik” va “Kema modellarini yasash”, qum va legodan “Yosh arxitektor” tanlovi va “Sharq bozori” ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Bu tadbirlarga “Barkamol avlod” bolalar maktabi va Departament mas’ul etib belgilangan.
To‘qqizinchi kun – “Sport va salomatlik” kuni. Bu kunda bolalar o‘rtasida sport musobaqalarining final bosqichlari, “Quvnoq startlar” qiziqarli sport estafetasi, “Biz sportsevar bolalarmiz” shiori ostida sport raqslari va spartakiadaning yopilish marosimi o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga Sport vazirligi mas’ul etib belgilangan.
O‘ninchi kun – “Millatlar do‘stligi” kuni. Bu kunda turli xil millatlarning “bekat”lar tanlovi, “O‘zbekiston - umumiy uyimiz” festivali va gala konsert o‘tkaziladi.
O‘n birinchi kun: “Turizm va o‘lkashunoslik” kuni. Bu kunda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida sayohat, O‘zbekiston va jahon turizmi haqida qiziqarli savol-javoblar, “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi va “Mening oromgohim” videoroliklar tanlovi taqdimoti o‘tkaziladi.
O‘n ikkinchi kun – “Sarhisob” kuni. Bu kunda “Oromgohdan esdalik” fotosessiya tadbiri, oromgohda faol bo‘lgan bolajonlarni taqdirlash marosimi va “Xayr, oromgoh” yopilish marosimi o‘tkaziladi. Bu tadbirlarga Departament mas’ul etib belgilangan.
O‘n uchinchi kun – “Xayr, oromgoh” kuni. Bu kunda “Biz do‘stlarni unutmaymiz”, “Oq yo‘l, bolajon!” xayrlashuv tadbiri o‘tkaziladi va bolalar manzillariga kuzatiladi. Bu tadbirlarga Departament va Ichki ishlar vazirligi mas’ul.
Bevosita mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida joriy yilning yanvar-may oylari davomida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimidagi 74 ta oromgoh joriy ta’mirlandi. 7 ta yangidan qurilgan oromgoh esa joriy yilgi mavsumda foydalanishga topshiriladi. Ushbu yangi barpo etilgan oromgohlarda har yili 8,5 ming nafar bolani sog‘lomlashtirish imkoniyati mavjud.
Oromgohlardagi sharoit va xizmatlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun 1iyunga qadar O‘zbekiston kasaba uyushmalari tizimidagi 81 ta oromgoh dasturdagi tadbirlarni amalga oshirish uchun kerak bo‘ladigan inventarlar va jihozlar, ya’ni “qum maydonchalari”, "Lego" konstruktor, "Karaoke" uskunasi, cholg‘u asboblari, fotoapparat va boshqalar jihozlar bilan ta’minlandi.
May oyida yetakchi va tarbiyachilar uchun seminarlar tashkil etilib, oromgoh mas’ullariga bolalar bilan ishlash malakasi, 12 kunlik dasturning mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Bolalar bilan ishlash bo‘yicha “Oromgoh yetakchisi”, “Oromgoh tarbiyachisi”,“Oromgoh faoliyatini tashkil etish”, “Oromgohda to‘garak va klublar faoliyatini tashkil etish”, “Oromgoh tarbiyachisi va yetakchisiga pedagogik-psixologik maslahat” deb nomlangan 5 ta ilmiy-amaliy metodik qo‘llanmalar ishlab chiqildi.
Bolalar o‘z taassurotlari va xotiralarini qayd qilib borishlari uchun esa “Oromgoh kundaligi” yaratildi. O‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash maqsadida “Oromgoh qo‘shig‘i” yaratildi. Oromgohlarda bolalarning ta’lim-tarbiyasi masalasiga ilmiy yondashish amaliyoti joriy etilmoqda. Barcha qo‘llanmalar mavsum boshlanishiga qadar oromgohlarga yetkaziladi.
Aprel-may oylarida respublika miqyosida faoliyat ko‘rsatuvchi 189 ta oromgohning har birida mavsumga tayyorgarlik ishlari ikki мароtaбаbirма-bir o‘rganildi. Bu jarayonda oromgohlarning bino-inshootlari holatidan tortib, unga olib boruvchi yo‘llar, gaz, svet, suv ta’minoti – barcha-barchasi tekshirildi hamda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Federatsiyaning hududiy kengashlari bilan birgalikda joriy yilda faoliyat yuritadigan statsionar oromgohlar dislokatsiyasi shakllantirildi va tasdiqlandi.
Joriy yilda yozgi dam olish mavsumini yuqori saviyada tashkil etish va muvofiqlashtirib borish maqsadida Respublika hamda hududiy shtablar tuzildi. Respublika shtabi tomonidan vazirlik va idoralar rahbarlaridan tarkib topgan Ishchi guruhlar bilan birgalikda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1-ishchi guruh - oromgohlarda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish, ularni malakali pedagog va yetakchilar bilan ta’minlash guruhi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda oromgohlarga jalb etiladigan 189 nafar katta tarbiyachi, 2 881 nafar yetakchi va tarbiyachilar, 370 nafar to‘garak rahbarlarining ro‘yxatlari shakllantirildi hamda ular uchun joylarda 36 soatlik o‘quv-seminarlar o‘tkazildi.
Sport vazirligi tomonidan 371 nafar sport yo‘riqchilarining ro‘yxati shakllantirilib, oromgohlarga biriktirildi. Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda oromgohlarda bolalar o‘rtasida sovrinli shaxmat musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.
2-ishchi guruh - oromgohlarda malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishini nazorat qilish guruhi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga mavsum davomida faoliyat ko‘rsatadigan oromgohlar ro‘yxati taqdim qilindi.
Vazirlik tomonidan dori vositalari bilan ishlash bo‘yicha 189 nafar maxsus tibbiy tayyorgarlikdan o‘tgan, malakali bolalar shifokorlari – pediatrlar ro‘yxatlari shakllantirildi hamda ularning oromgohlarda faoliyat olib borishlari belgilandi. Ushbu xodimlar uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan maxsus o‘quv-seminarlar o‘tkazildi. Oromgohlarda bo‘lishi lozim bo‘lgan birlamchi dori vositalari, jumladan, ilon va qoraqurt zahriga qarshi zardoblar barcha oromgohlarga yetkazildi. Bolalarga beriladigan ovqatlar Departament va SES xodimlari tomonidan nazorat qilib boriladi.
Barcha oromgohlarda mavsum boshlanishiga qadar to‘liq dezinfeksiya qilish ishlari olib borildi. Shuningdek, “Tez yordam” mashinalarining doimiy navbatchiligi tashkil qilinishi Respublika shtabi tomonidan nazoratga olindi.
Oromgohlar rahbarlariga oziq-ovqat mahsulotlari sifati va saqlanishi, sanitariya normalari, qoidalari, gigiyena normativlari hamda xavfsizlik talablariga amal qilinishini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
3-ishchi guruh - oromgohlarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va sport musobaqalarini o‘tkazish guruhi. Madaniyat vazirligi bilan birgalikda “O‘zbek milliy madaniyat kunlari” tadbirini o‘tkazish rejalashtirildi. Bunda bolalarning liboslari milliy ruhda tanlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Alohida reja asosida hududlardagi madaniyat muassasalari va bolalar teatrlarining ko‘chma spektakllari namoyishi tashkil etiladi. Madaniyat vazirligi tomonidan tayyorlangan bolalarbop qo‘shiqlarning jamlanma albomlarining1 iyunga qadar barcha oromgohlarga yetkazilishi Departament tomonidan ta’minlandi.
Kinematografiya agentligi tomonidan taqdim etilgan 2 ta badiiy film, 10 ta multfilm hamda 6 ta “Zumrasha” kinojurnali oromgohlarda namoyish etish uchun yetkazildi.
4-ishchi guruh - oromgohlarda jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va favqulodda vaziyatlarning oldini olish guruhi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan bolalarning yo‘lda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida 682 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimlari va 267 ta avtomashina ajratilishi bo‘yicha kelishib olindi.
Bolalarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar va Ichki ishlar vazirliklari bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi hamda oromgohlarda navbatchilik o‘tadigan
596 nafar xodimlar ro‘yxati shakllantirildi. Ular tomonidan kunu-tun bolalar xavfsizligi ta’minlanmoqda.
Favqulodda vaziyatlar hamda Ichki ishlar vazirliklaridan oromgohlarga biriktirilgan xodimlar uchun ishlab chiqilgan xizmat vazifalari Departament bilan kelishildi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan har bir oromgoh yong‘in xavfsizligining oldini olish bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi. Barcha oromgohlarda sanitariya-epidemiologiya, yong‘in xavfsizligi va boshqa yo‘nalishlarda xulosalar olindi.
Transport vazirligi tomonidan bolalarning oromgohlarga borib kelishi uchun 920 ta avtobuslar jalb etilmoqda. Barcha vazirlik va tashkilotlar xodimlari o‘z vazifalarini Departament tomonidan taqdim qilingan oromgohlarda smenalarning boshlanishi va tugashi to‘g‘risidagi reja-jadvaliga muvofiq amalga oshiradi.
Bularning barchasi bolajonlarning ko‘ngildagidek dam olishi va ularni sog‘lomtashtirish borasidagi ibratli ishlarning namunasidir.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri