Yana sanoqli kunlardan so‘ng maktab o‘quvchilari uchun “so‘nggi qo‘ng‘iroq” chalinadi va ular ta’tilga chiqadilar. Albatta, yozgi ta’til qanchalik maroqli va mazmunli o‘tsa, bolajonlarning kelgusida tahsilni davom ettirishlarida shunchalik yaxshi natija beradi. Bugungi kunda yozgi oromgohlar mavsumga shaymi va qancha bola qamrab olinadi? Bu haqida batafsil ma’lumot olish uchun Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Bahromjon Aminovga yuzlanamiz.
- Bilasizki, yozgi ta’tilni bolajonlar intizorlik bilan kutadilar. Uch oy davomida maroqli dam olishni, hovuzlarda cho‘milishni, turli oromgohlarga borib do‘stlar orttirishni hoxlaydilar, – deydi Bahromjon Aminov. – Yozgi ta’til esa ularning ruhiy zo‘riqishlarini pasaytiradi va kelgusi o‘quv mavsumiga tayyorlaydi. Yoz mavsumida yoshlarning vaqtini maroqli va mazmunli o‘tkazish borasida Respublika Kasaba uyushmalari, vazirlik va idoralar huzurida 192ta yozgi statsionar oromgohda 158 ming nafar, Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tizimidagi 32 ta oromgohga 9 ming nafar bolajonlar qamrab olinishi rejalashtirilmoqda Ularda faoliyat yuritadigan 5 571 nafar pedagog kadrlar ro‘yxati shakllantirilib, 36 soatlik maxsus o‘quv dasturlar asosida o‘qitildi.
Bundan tashqari Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan “maktaboldi oromgohlar” tashkil qilinadi. Stansionar oromgohlarga jalb etilmagan bolalar uchun yashash manzillariga yaqin joylashgan ta’lim muassasalarida 1 105 ta sog‘lomlashtirish maydonchalari (bepul) tashkil etiladi va ularda 174 297 nafar bolalar dam olishlari mumkin. Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabiga milliy tadqiqotlar universitetining hududiy bo‘linmalaridan professor va malakali o‘qituvchilar seminar mashg‘ulotlariga jalb qilindi.
Oromgoh rahbarlari, pedagoglar hamda to‘garak rahbarlari uchun uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, barcha hududlarga yetkazilmoqda. Pedagog xodimlarning belgilangan tartib asosida ish olib borishlari uchun namunaviy ish rejasi tayyorlandi. Shuningdek, dam oluvchilarning bo‘sh vaqtini ma’zmunli o‘tkazishni tashkil qilish uchun 2 turdagi uslubiy qo‘llanma maxsus o‘quvlarni tugatgan pedagog xodimlarga tarqatildi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatida faoliyat olib borayotgan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardan 5 tasining 740 nafar o‘quvchilari statsionar oromgohlarda dam oldirilishi rejalashtirilmoqda.Bu borada, mavsum boshlanishidan 10 kun avval maydonchalar mahalliy hokimliklar va mas’ul tashkilotlar bilan birgalikda qayta ko‘rib chiqiladi, ularning xulosasiga asosan to‘liq tayyor holatga keltiriladi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 12 kunlik namunaviy dastur asosida tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.Bolalar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada shakllantirish maqsadida oromgohlarga 110 ming dona bolalar adabiyotlari yetkazib beriladi va “kitob.uz” platformasidan adabiyotlarning elektron va audio shakllaridan foydalanish bo‘yicha sharoitlar yaratiladi.
Sog‘lomlashtirish maydonchalarida yozgi ta’tilini maroqli tashkil etish uchun mehnat ta’tiliga chiqmagan 11 ming nafardan ortiq pedagog jalb qilinadi.Ushbu maydonchalarda sport, san’at va IT yo‘nalishlarida to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda bolajonlarga mo‘ljallangan qiziqarli kino va multfilmlar namoyish etiladi.
Yozgi ta’til davrida o‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha 219 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 5 ta yo‘nalishdagi to‘garaklardan iborat qisqa muddatli “Ijodkorlar oromgohi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/cAvMRqPEgbs" title="Yozgi oromgohlar mavsumga shaymi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA