Yozgi hordiq va ma’naviy tarbiya manzili
FOTOREPORTAJ
Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida joylashgan “Ziyo chashmalari” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida yozgi dam olish mavsumi qizg‘in davom etmoqda. Ko‘hna tarix va so‘lim tabiat bag‘rida joylashgan mazkur maskan bolalarning mazmunli hordiq chiqarishi, sog‘lomlashishi hamda bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishi uchun xizmat qilmoqda.
1953-yilda tashkil etilgan oromgoh 2018-2019-yillarda qayta qurilib, zamonaviy qiyofa kasb etgan. 6,62 gektar maydonni egallagan oromgohda yotoqxonalar, oshxona, sport maydonlari, xiyobonlar va boshqa zarur infratuzilma ob’ektlari barpo etilgan. Bu yerda bolalar uchun xavfsiz, qulay va ma’naviy-ma’rifiy muhit yaratilgan.
Oromgohda yoz mavsumi davomida bolalarning nafaqat dam olishi, balki ularning ma’naviy, intellektual va ijodiy kamolotiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Vatanparvarlik, milliy qadriyatlar, davlat ramzlari va tarixiy merosga bag‘ishlangan davra suhbatlari, ma’rifiy uchrashuvlar va tarbiyaviy tadbirlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, buyuk ajdodlarimiz hayoti va merosi haqidagi mashg‘ulotlar orqali o‘quvchilarning milliy o‘zlik, tarix va ma’naviyat haqidagi tasavvurlari boyitilmoqda.
[gallery-30208]
Oromgohda turli tanlov va musobaqalar ham o‘tkazilayapti. “Zakovat”, “Iqbol”, “Balli qizlar”, “Balli yigitlar”, “Ertaklar yaxshilikka yetaklar” kabi tanlovlar, sport musobaqalari va ijodiy bellashuvlar bolalarning bilim va qobiliyatini namoyon etish, jamoaviylik, faollik va tashabbuskorlik ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Ziyo chashmalari”da tashkil etilgan yozgi dam olish va tarbiyaviy tadbirlar bolalarning hordiq chiqarishi, yangi do‘stlar orttirishi, bilim va taassurotlarini boyitishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamshid NORQOBILOV (surat), O‘zA