3-mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni
Sariosiyo tumanidagi Uzun davlat o‘rmon xo‘jaligi, "Yuqori To‘palang" milliy tabiat bog‘i, Ekologik partiyaning tuman kengashi hamkorligida tuman ixtisoslashtirilgan maktab-internatida davra suhbati tashkil etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 2013-yil 20-dekabrda o‘z rezolyutsiyasi bilan keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish uchun 3-martni – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni, deb e’lon qildi.
O‘sha yili tabiiy xilma-xillikni muhofaza qilish sohasida muhim bir xalqaro hujjat qabul qilinganining 40-yilligi ham keng nishonlandi.
O‘n yildan buyon 3-mart sayyoramizda yovvoyi tabiat kuni sifatida qarshi olinmoqda.

Davra suhbatida Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattarov va boshqalar shu haqda atroflicha so‘z yuritdi. Ona tabiatni asrab-avaylash, yovvoyi tabiatning ekologik muvozanatni saqlashdagi ahamiyati, biologik xilma-xillikni ta’minlash va sohada yuzaga kelayotgan muammolar xususida fikr almashdi.
–Tabiatning betakror, go‘zal manzaralari olamning maftunkor ekanidan unsiz so‘zlaydi, – deydi Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘i direktori Nuriddin Sattorov. – Bunday go‘zallikka salbiy munosabatda bo‘lish insonga yarashmaydi. Yovvoyi tabiat bahosi ekologik, genetik, rekreatsion va ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-estetik qarashlarga bevosita bog‘liq masala. Ko‘pincha ko‘nglimiz istab, sokin, yovvoyi tabiat qo‘yniga oshiqishimizning sababi ham ana shunda.

Davra suhbatida mutaxassislar yo‘qolib borayotgan yovvoyi hayvonlar va o‘simliklar turlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar turkumiga kiruvchi qo‘riqxonalarda, milliy tabiat bog‘larida yovvoyi tabiat qanday muhofaza etilishi to‘g‘risida qiziqarli ma’lumotlar berdi. soha mutaxassislari tomonidan maktab o‘quvchilariga atroflicha tushuntirishlar berildi. Ta’lim muassasasiga to‘rt tup manzarali daraxt ko‘chati, yuz dona majnuntol qalamchasi topshirildi.
Surxondaryo viloyatidagi Yuqori To‘palang milliy tabiat bog‘ida hayvonot dunyosining 60 turga yaqin vakili mavjud. Ularning 25 boshi qizil kitobga kiritilgan. Xushmanzara tog‘lar qo‘ynidagi hududda o‘rganilgan 667 tur o‘simlikning 36 tasi qizil kitobdan joy olgan.
Davra suhbatida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri