Yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
Namanganda Yoshlar ishlari viloyat boshqarmasi tomonidan tashkillangan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ishtirokidagi matbuot anjumanida yigit-qizlarning tashabbuslari asosida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i Oqiljon Hasanov yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, ko‘ngillilik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, navqiron avlod vakillarining huquqiy savodxonligini oshirish va mahalla yoshlar yetakchilarini tayyorlashga qaratilgan yangi loyihalar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, «Namangan TOP-20 kitobxon», «Quvonch ulashamiz!», «Yoshlar tabiatga befarq emas!», «Yuridik klinika yoshlar uchun huquqiy maslahat markazi” hamda «Yetakchilikka tayyorlov maktabi» loyihalari o‘g‘il-qizlar hayotida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Viloyat miqyosida tashkillangan «Quvonch ulashamiz!» xayriya aksiyasi orqali qariyb 700 nafar bemor bolajon va yosh qamrab olinib, ularga sovg‘alar berildi, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlandi.
Aksiyaning e’tiborga molik jihati shundaki, 100 dan ortiq volontyorlar ushbu ezgu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, savobli ishda faollik ko‘rsatdi.
[gallery-32168]
Kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga qaratilgan «Namangan TOP-20 kitobxon» loyihasi eng faol va ko‘p kitob o‘qiydigan yoshlarni aniqlash, ular haqida ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda «Tengdoshdan tengdoshga» tamoyili asosida kitobxonlik targ‘ibotini yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi.
Hozirgacha 50 dan ziyod kitobxon yoshlar aniqlandi. Ayniqsa, ular orasida 20 dan ortiq yoshning 300 dan oshiq kitob o‘qigani quvonarlidir. Kelgusida bu kabi yoshlar tengdoshlari orasida kitobxonlik madaniyatini oshirishga o‘z hissalarini qo‘shishadi.
Milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, atrof-muhitni obod va toza saqlash hamda yoshlarni ezgu ishlarga safarbar etish maqsadida «Yoshlar tabiatga befarq emas!» nomli obodonlashtirish va tozalash aksiyasiga ham kirishildi. Bu xayrli ish Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasiga munosib hissa bo‘lib xizmat qiladi. Aksiyada 500 ga yaqin ko‘ngillilar ishtirok etishmoqda.
Yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish va huquqiy muammolariga yechim topishda ko‘maklashish maqsadida «Yuridik klinika” yo‘lga qo‘yilmoqda. Boshqarmada mavjud imkoniyatlar va yuristlar ko‘magida yoshlar qiziqtirgan huquqiy masalalar bo‘yicha onlayn va oflayn tarzda murojaat qilishi mumkin. Huquqiy maslahatga ehtiyoji bo‘lgan, biroq pullik xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklanganlarga bepul maslahat berish, zarur hollarda tegishli hujjatlarni tayyorlashda ko‘maklashish nazarda tutilgan.
Namangan viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi hamda O‘zbekiston yoshlar yetakchilarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamkorligida mahalla yoshlar yetakchisi bo‘lish istagidagi yoshlarni tayyorlashga qaratilgan «Yetakchilikka tayyorlov maktabi» loyihasi ham e’tiborga molik.
Aksariyat mahallalarda mazkur yo‘nalishdagi ishlardan ko‘ngil to‘lmayotgan bir kezda, loyiha davomida yetakchi funksiyasi, yoshlar bilan ishlash, qonunchilik, davlat xizmati odobi va boshqaruv bo‘yicha zarur bilim-ko‘nikmalar shakllantiriladi. Shuningdek, mahallalarda amaliyot o‘tash orqali kelajakdagi faoliyati uchun tajriba to‘playdi.
Ushbu loyiha yoshlarni mahalla yoshlar yetakchisi sifatida ishlashga tayyorlash, ularning bilim va salohiyatini oshirish hamda kelajakda yoshlar bilan samarali ishlay oladigan yetakchilarni shakllantirish maqsadida tashkil etiladi. Bu maktabda yoshlar shunchaki bilim olmaydi, balki kelajakdagi yetakchilik faoliyatiga tayyorlanadi.
Anjumanda jurnalist va blogerlar qiziqtirgan savollariga javob olish asnosida, yoshlar siyosatini yuritish samaradorligini yanada oshirish yuzasidan o‘z taklif-mulohazalarini bildirishdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA muxbirlari