Yoshlarning startaplari uchun 2 milliard soʻm ajratiladi
Andijon shahridagi yangi qurilgan “Raqamli shahar”da (Digital city) yosh tadbirkorlar va startapchilarini qoʻllab-quvvatlovchi “Unicorns” loyihasiga start berildi.
Andijon shahridagi yangi qurilgan “Raqamli shahar”da (Digital city) yosh tadbirkorlar va startapchilarini qoʻllab-quvvatlovchi “Unicorns” loyihasiga start berildi. Mazkur loyihada andijonlik yoshlarning biznes loyihalari va startaplari qabul qilinib, eng saralari moliyalashtiriladi. Loyiha Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil may oyida Andijon viloyatiga tashrifida kiritilgan taklif asosida amalga oshirilmoqda.
Ochilish tadbirida “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Xayrulla Sattorov, “Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi” rahbari Orian Mehroj Rashidov, Yoshlar ittifoqi Andijon viloyati Kengashi raisi Oybek Yoʻldoshev, “Loyihalar boshqaruvi markazi” rahbari Ulugʻbek Ismatov va andijonlik yosh tadbirkorlar, startapchilar qatnashdi.
Tadbirda dastlab, “Unicorns” loyihasi taqdimoti oʻtkazildi. Shuningdek, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi va “Raqamli shahar” rahbariyati oʻrtasida oʻzaro hamkorlik kelishuvi tuzildi.
— Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshidagi “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi hamkorligida tashkil etilgan “Unicorns” loyihasi yangi biznes va startaplarni amalga oshirishga qaratilgan, — deydi Ulugʻbek Ismatov. — Loyihaning asosiy maqsadi esa Oʻzbekistondagi tadbirkorlik va startaplarni rivojlantirish hamda 1 mlrd. dollar qiymatga ega startaplar yaratilishiga erishishdir.
Tadbir davomida maʼlum qilinishicha, loyihaning ilk bosqichini amalga oshirish uchun 2 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilgan. Asosiy ishchi hudud sifatida esa Andijon viloyati tanlangan. Loyiha startiga bagʻishlangan ochilish tadbirini koʻplab kuzatuvchilar “Zoom” ilovasi orqali ham onlayn tarzda kuzatib borishdi.
Maʼlumot uchun, “Unicorns” loyihasida 35 yoshgacha boʻlgan Andijon viloyatining barcha ësh tadbirkorlari va startapchilari qatnashishlari mumkin. U uch bosqichda olib boriladi. I bosqichda 10-iyundan 10-iyulga qadar https://unicorns.uz veb-sayti orqali arizalar qabul qilinadi. II bosqichda esa 10-iyuldan 10-avgustgacha loyihalar saralanadi. Yakuniy bosqichda tanlab olingan eng sara loyihalarni amalga oshirish ustida ish boshlanadi.