Yoshlarning murojaati joyida yechim topdi
Yoshlarning orzu-maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar va imkoniyati cheklangan insonlarga imkoniyat yaratish inson qadrini ulug‘lash siyosatining amaliy ifodasidir.
Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 2-sonli “G‘amxo‘rlik” markazida Milliy gvardiya qo‘mondoni ishtirokida “General va yoshlar” ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, parasportchilar hamda Yoshlar ishlari agentligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va Sport vazirligining mas’ullari qatnashdi.
Uchrashuv rasmiy tadbirdan ko‘ra samimiy suhbatga aylandi. Yoshlar o‘zlarini qiynayotgan masalalar, rejalari va takliflarini bevosita rahbarlarga yetkazish imkoniga ega bo‘ldi.
Ayniqsa, Milliy gvardiyadagi kamondan otish va ot sporti to‘garaklariga qatnashish istagini bildirgan yoshlarning murojaatlari shu joyning o‘zida qo‘llab-quvvatlandi. Ularni mashg‘ulotlarga jalb etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadigan bo‘ldi.
Ish izlayotgan imkoniyati cheklangan fuqarolarning murojaatlari ham e’tibordan chetda qolmadi. Mas’ullarga ularni ish bilan ta’minlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir davomida nogironlik aravachasiga muhtoj fuqarolarga zamonaviy aravachalar topshirildi. Boshqa ijtimoiy masalalar bo‘yicha ham har bir murojaat alohida o‘rganilib, ularni hal etish choralari belgilandi.
Uchrashuv yakunida yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Eng muhimi, bu muloqot g‘amxo‘rlik faqat so‘zda emas, balki aniq amaliy ishlar orqali namoyon bo‘layotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Nigora Rahmonova, O‘zA