Yoshlarning hayotda munosib o‘rin topishida bilim, kasb va texnologiya eng muhim tayanch bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni poytaxtimizdagi Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish, ish bilan ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu bir qarashda davlatning oddiy ijtimoiy vazifasidek ko‘rinadi. Aslida esa ushbu jarayon yurtning tinchligi, iqtisodiy barqarorligi va buyuk kelajagini kafolatlaydigan asosiy shart sanaladi.
Bugun yoshlarning kuch-g‘ayrati, bilimga bo‘lgan intilishi to‘g‘ri yo‘naltirilsa, ertaga hammasi a’lo darajada bo‘ladi. Zero, endi zamonaviy dunyoda mamlakatlar hududining kattaligi yoki tabiiy boyliklari bilan emas, balki texnologiyalari va bilimli yoshlari bilan musobaqalashmoqda.
Agar yoshlar masalasiga, ularning muammolariga bir lahza bo‘lsa-da e’tiborsiz bo‘linsa, jamiyatda jiddiy qiyinchiliklar yuzaga kelishi muqarrar. Yoshlar o‘rtasidagi ishsizlik esa ko‘plab muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Davlat bu xavfni yaxshi anglaydi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda yoshlar taqdiriga befarq bo‘lishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi.
Keyingi yillarda yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi va o‘xshashi yo‘q tizim yaratildi. Bugun chekka qishloqdagi yigit-qizlarning ham iqtidorini yuzaga chiqarish, yo‘l ochish uchun davlat zarur sharoitlarni yaratmoqda.
O‘zbekiston yoshlari katta marralar sari ishonch bilan intilmoqda. Chunki ular hayotda hech qachon yolg‘iz emasliklarini, ortida hamisha suyanishi mumkin bo‘lgan qudratli davlati borligini yaxshi biladi.
Davlatimiz rahbari dastlab Olimpiya shaharchasida tashkil etilgan maxsus ko‘rgazmada mamlakatimizning faol va izlanuvchan yoshlari bilan uchrashdi.

Prezidentimiz ularning mahalla hayoti, ekologiya, startaplar, muhandislik va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish kabi sohalardagi loyihalari bilan tanishdi, loyiha tashabbuskorlari bilan shaxsan muloqot qildi.
Farg‘ona tumanidagi Obod mahallasi yoshlar yetakchisi Islombek Muhammadjonov o‘z mahallasida tashkil etgan “Obod ta’lim” o‘quv markazi orqali 600 nafar tengdoshini zamonaviy kasblar va xorijiy tillarga o‘qitgan. U faoliyatini Germaniyaning nufuzli kompaniyalari bilan xalqaro shartnomalar asosida global bozorga olib chiqishga erishganini so‘zlab berdi. Ushbu amaliy harakat tufayli mahalla yoshlar ishsizligi va jinoyatchiligidan xoli hududga aylantirilgan.
Shuningdek, “Yashil tashabbuslar” jamg‘armasi koordinatori, “Green University” magistranti Gulira’no Mamirovaning tashabbuslari e’tiborga molik. Uning ekologik-ijtimoiy va “yashil” innovatsiyalar startaplarini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlari davlatimiz rahbarining alohida e’tiborini tortdi.
Rangtasvir tanlovida “Eng original g‘oya” nominatsiyasi g‘olibi Odinaxon Ma’murjonovaning ijodiy intilishlari, jismoniy imkoniyati cheklanganiga qaramay, uyda ta’lim olayotgan bolalar uchun “O‘qi va yuksal” loyihasini amalga oshirib kelayotgan Chinora G‘ulomovaning matonati Prezidentimiz tomonidan yuqori baholandi. Ularning jamiyatdagi inklyuziv muhitni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini tizimli qo‘llab-quvvatlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Ko‘rgazmaning startaplar, tadbirkorlik va kasb-hunar maydonida yoshlarimizning xalqaro miqyosda raqobatlasha oladigan intellektual salohiyati namoyish etildi.
Prezident maktabi bitiruvchisi, Chikago universiteti talabasi Asilbek Ashurov o‘n sakkiz yoshida “Makon AI” startapini ta’sis etib, sun’iy intellektga asoslangan SAT/AP testlariga tayyorgarlik platformasini yaratdi. Bugungi kunda startapi AQSH hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqasida 100 mingdan ortiq mijoz va investorlardan 380 ming dollar sarmoya jalb etgani, loyiha qiymati 3 million dollarga baholanganini ma’lum qildi.
Dunyoning yetakchi akseleratori sanalgan “Y Combinator” dasturining birinchi o‘zbek ishtirokchisi Sardorbek Rahmatulloyevning AQSHda yillik daromadi ko‘p ming dollarlik startapga asos solgani va “Meta Superintelligence” kompaniyasida orttirgan tajribasi ham milliy startap ekotizimimizning yutug‘i sifatida e’tirof etildi.
Prezidentimiz bu kabi yuqori texnologiyali loyihalarni mamlakatimizda keng joriy etish va yosh tadbirkorlarga xorijiy bozorlarga chiqishda ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini ta’kidladi.
Muhandislik va innovatsiya sohasidagi taqdimotlar doirasida talabalarning sun’iy intellekt hamda robototexnika yo‘nalishidagi muvaffaqiyatlari ko‘rib chiqildi.
Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabasi, dronlar poygasi bo‘yicha mamlakat chempioni Biloliddin Ismoilov mahalliy antidron tizimlarini yaratish va takomillashtirishda ishtirok etayotganini ma’lum qildi.
Nukus davlat texnika universiteti talabasi, Nukus yoshlar texnoparki rezidenti Ayzada Asanovaning “Yangi avlod avtomobillari” yo‘nalishidagi muvaffaqiyatli loyihasi esa hududlarda ham muhandislik maktablari jadal rivojlanayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbari ushbu innovatsion ishlanmalarni turli tarmoqlarda joriy etish zarurligini qayd etdi.
Navqiron avlodning madaniy-ma’rifiy sohadagi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘nalishidagi yutuqlari ham uchrashuvning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
Xalqaro go‘zallik va san’at tanlovlari sovrindori Nigina Faxriddinova hamda yosh musiqachi Amina Avazovaning yutuqlari milliy madaniyatimizning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.
Shu bilan birga, aholi orasida kitobxonlikni keng yoyishga qaratilgan raqamli loyihalar namoyish etildi. “Mutolaa” loyihasi rahbari Sirojiddin Olimov yaratgan mobil ilova qariyb 5 million marta yuklab olingani va unda o‘qilayotgan kitoblar soni 18 milliondan oshganini ta’kidladi.
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi Nilufar Ergasheva “Yashil so‘z” kitobi muallifi, “So‘z” loyihasi ishtirokchisi. U O‘zbekistonning adabiy xaritasini yaratish orqali adabiy turizmni rivojlantirish hamda “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida o‘zbek ijodkorlarining yirik nazm va navo kechasi, she’riy oqshomlar kabi ommaviy badiiy konsert dasturlarini tashkil etish taklifini bildirdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy muloqotda ular tomonidan ilgari surilgan istiqbolli loyiha va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng, Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
– Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz, – dedi Prezidentimiz.
So‘nggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligi, ta’limi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanib, vazirlik va idoralar yoshlar muammolarini o‘rganish hamda ularga yechim topishga safarbar etildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammosi hal qilindi. Yosh tadbirkorlar soni 5 karra ko‘payib, 287 mingdan oshdi. Xorijiy tillarni intensiv o‘rganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli o‘quvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Davlatimiz rahbari bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning ustunligi, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganiga e’tibor qaratdi.
– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas – bilimi bilan, aholi soni bilan emas – texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas – inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi iqtisodiyot – bilimlar iqtisodiyoti hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari yoshlarni buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lishga, Yangi O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga da’vat etdi.
Uchrashuvda Prezidentimiz O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ishtirokiga ham to‘xtaldi. Futbolchilarimiz kuchli raqiblar bilan o‘yinlar orqali katta tajriba orttirgani, Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning jahon chempionatidagi ilk gollari xalqimizga quvonch bag‘ishlagani ta’kidlandi.
– Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim, – dedi Prezidentimiz.
Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, futbol umummilliy harakatga aylantirilishi, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi qayd etildi.
Prezidentimiz yoshlarning hayotda munosib o‘rin topishi uchun bilim, kasb va texnologiyani eng muhim tayanch sifatida ko‘rsatdi.
Shu maqsadda har yili 500 ming nafar o‘g‘il-qizni zamonaviy kasbga o‘qitishga qaratilgan “Kelajak bilimlari ekotizimi” yo‘lga qo‘yiladi. O‘quv markazlari tashkil etish istagidagi yoshlarga yer va davlat ob’ektlari imtiyozli shartlarda beriladi, zarur infratuzilma davlat hisobidan yaratiladi, markazlarni qurish va jihozlash uchun kredit stavkasi kompensatsiya qilinadi.
Qo‘lida kasbi bor, lekin yangi ko‘nikmalarni egallamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun “kasb vaucheri” joriy etiladi. Har yili 50 ming nafar yoshning zamonaviy kasblarni o‘rganish xarajatlari foizsiz ssuda hisobidan qoplanadi. Ehtiyojmand oilalardagi 85 ming nafar ishsiz yoshga xususiy o‘quv markazlarida kasb egallashi uchun bepul vaucher beriladi. Shu yilning o‘zida bu tizim uchun 120 milliard so‘m ajratiladi.
Texnikumlarda xususiy sektor ishtiroki kengaytirilib, litsenziya talablari soddalashtiriladi. Yangi o‘quv yilidan xususiy texnikumlarga ham kasbga o‘qitish bo‘yicha davlat granti ajratiladi. Xalqaro kasb tanlovlari g‘oliblari va ularning ustozlari pul mukofotlari bilan rag‘batlantiriladi.
Xorijiy tillarni mukammal biladigan 650 mingdan ziyod yoshlar salohiyatidan mamlakatimizning boy tarixi, madaniy merosi, turizm va eksport imkoniyatlarini xalqaro maydonda targ‘ib qilishda foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda Raqamli kontent platformasi ishga tushirilib, har yili 20 milliard so‘mdan ajratiladi.
Xorijda ta’lim olayotgan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ham yangi tizim yaratiladi. Yetakchi xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan 14 mingdan ortiq yigit-qiz ta’til davrida yurtimizdagi vazirlik, hokimlik, davlat va xususiy kompaniyalarda amaliyot va stajirovka o‘tashi uchun raqamli muloqot platformasi ishga tushiriladi. “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yoshlarni xususiy sektor buyurtmasi asosida ham nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qitish imkoniyati yaratiladi.
Prezidentimiz oliygoh bitiruvchisini ishga olgan tadbirkorlar uchun yosh mutaxassisga nisbatan daromad va ijtimoiy soliq bir yil davomida 1 foiz etib belgilanishini e’lon qildi. Bu 200 mingga yaqin bitiruvchini ishga joylashtirish uchun muhim rag‘bat bo‘ladi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, harbiy xizmat, migratsiya va jazoni o‘tab qaytgan, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun “Kafolatlangan birinchi qadam” paketi joriy etiladi. “Ustoz – talaba” dasturi asosida uyushmagan yoshlarga ko‘maklashgan talabalar ham rag‘batlantiriladi.
Shuningdek, “Yoshlar mini-franshizasi” dasturi ishga tushiriladi. Mahalliy brendlar franshizasini oladigan yigit-qizlarga Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasidan 300 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi. Bu dasturlar uchun 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Yoshlar uchun kasb va til o‘rganish, ishga joylashish, tadbirkorlik bo‘yicha xizmatlardan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish imkonini beradigan “Yoshlar xablari” tashkil etiladi. Ushbu tajriba Surxondaryodan boshlanib, bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy qilinadi.
Davlat boshqaruvida yoshlarga ishonchni kuchaytirish maqsadida 5 ta yo‘nalishda “TOP-100” dasturi amalga oshiriladi. G‘oliblar mukofotlanib, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etiladi. Har bir vazirlik va tarmoq o‘z yo‘nalishida iqtidorli yoshlarni tanlab, xalqaro tashkilotlarga stajirovkaga yuboradi. Yiliga 2 ming nafar yoshni shunday stajirovkalarga yuborish rejasi ishlab chiqiladi.
Yoshlarni rag‘batlantirish va yagona maqsad atrofida birlashtirish uchun “O‘zbekiston yoshlar ligasi” platformasi ishga tushiriladi. Unda yoshlarning ta’lim, kasb, tadbirkorlik, ilm-fan va jamoatchilik faoliyatidagi natijalari baholanadi. Yuqori natijaga erishganlarga grant, kontraktga chegirma, kasb vaucheri, imtiyozli kredit, xorijiy stajirovka, kadrlar zaxirasiga kirish va ipoteka bo‘yicha imkoniyatlar beriladi.
Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishda Bank-moliya akademiyasi “aql markazi” sifatida belgilanadi. Akademiya tinglovchilari hududlarda tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi, Yoshlar tadbirkorligi jamg‘armasi esa ularni qulay shartlarda yoshlarga taklif qiladi. Jamg‘arma yuqori daromad va ko‘plab ish o‘rinlari yaratadigan loyihalarga 5 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi. Bu tizim kamida 300 ming nafar yoshga o‘z biznesini boshlash uchun yo‘l ochadi.
Innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangi vazifalar belgilandi.
– Biz 2030-yilgacha iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni reja qilganmiz. Bunga erishish uchun barcha sohalarga yangi g‘oya olib kiradigan innovatsion startaplar kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
So‘nggi to‘qqiz yilda mahalliy startap ekotizimi 15 barobar o‘sib, 4 milliard dollardan oshgani, 1 ming 200 dan ziyod istiqbolli startap loyihalar paydo bo‘lgani qayd etildi. Endi har bir vazir, tarmoq rahbari va hokim “1 mingta masalaga – yoshlardan 1 mingta yechim” loyihasini ishga tushiradi. Yoshlar ishlari agentligi biznes, axborot texnologiyalari va kreativ iqtisodiyot yo‘nalishidagi 100 ta eng yaxshi loyihaga 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritadi.
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasida yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratiladi. Raqamli hukumat markazida birinchi superkompyuter klasteri ishga tushirildi, kelgusi yil uning quvvati 3 karra oshiriladi. Joriy yilda 20 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Yoshlar ushbu imkoniyatlardan bepul foydalanib, hudud va tarmoqlardagi muammolarga yechimlar ishlab chiqadi.
Yangi IT parklar barpo etilishi hisobidan 20 mingdan ziyod yigit-qiz uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratiladi. “Mening birinchi kompyuterim” dasturi orqali ehtiyojmand oilalardagi 10 ming nafar yoshga noutbuk xaridi uchun yordam ko‘rsatiladi.
IT va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun “dual ta’lim” kengaytiriladi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi davlat stipendiyasi hamda iqtidorli qizlar uchun “Muhandis qizlar” stipendiyasi ta’sis etiladi. Xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga berilayotgan 1 milliard so‘mlik rag‘bat sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro olimpiada g‘oliblariga ham tatbiq qilinadi.
Yoshlar qalbida milliy ruhni mustahkamlash, raqamli makonda milliy kontentni ko‘paytirish maqsadida IT parklarda kompyuter va mobil o‘yinlar yaratuvchilari uchun inkubatsion markazlar ochiladi. Har yili milliy ruhdagi kamida 20 ta kompyuter va mobil o‘yin yaratish bo‘yicha davlat buyurtmasi beriladi.
– Biz yoshlarga yaratib berayotgan imkoniyatlardan hech bir o‘g‘il-qizimiz chetda qolmasligi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Shu maqsadda “Vatan mehri – ijtimoiy tashabbuslar” tanlovi, ijtimoiy xavf guruhidagi bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Qanot” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi. “Yoshlar tashabbuslari marafoni”da ilgari surilgan g‘oyalarni amaliy loyihaga aylantirish uchun “Tashabbuslar ofisi” tashkil etiladi va bu ishlarga 50 milliard so‘m ajratiladi.
Uchrashuvda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar yoshlar kelajagi va millat genofondiga katta tahdid solayotgani ham qayd etildi.
– Bu illatning yoshlarimiz orasida ildiz otishiga aslo yo‘l qo‘ymaymiz, bu baloni tag-tomiri bilan quritmaguncha to‘xtamaymiz. Giyohvandlik insonning eng qimmatli boyligi – sog‘lig‘i, aql-irodasi, orzu-maqsadlaridan ayiradi. Unutmang, hayot insonga bir marta beriladi. Bunday illatlarga nisbatan murosasiz bo‘ling, umrning har bir daqiqasini ezgu ishlarga sarflang, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz ota-onalarga ham murojaat qilib, farzandning kamol topishi, uning yorqin kelajagi uchun mustahkam poydevor, eng avvalo, oilada yaratilishini ta’kidladi. Ota-onalarni bugungi tez o‘zgarib borayotgan murakkab sharoitda farzand tarbiyasiga har qachongidan ham e’tiborli va mas’uliyatli bo‘lishga chaqirdi.
Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Ular o‘z taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Davlatimiz rahbari muloqot yakunida yigit-qizlarni katta marralar sari dadil intilishga, bilim, kasb va zamonaviy texnologiyalarni puxta egallashga da’vat etdi.
– Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman. Katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnat qilishdan, o‘rganish va intilishdan hech qachon to‘xtamang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta orzu-umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz, sizlarga ishonib, doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xalqimiz, Prezident tog‘dek tayanch bo‘lib turibdi! – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29-iyundagi farmoni va qaroriga muvofiq, o‘z bilimi, iste’dodi, tashabbuskorligi hamda fidoyiligi bilan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Olimpiya shaharchasida ana shu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari yurtimiz yoshlarining har birida katta salohiyat, iste’dod va iqtidor borligini qayd etdi.
– Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng Prezidentimiz yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.
– Butun xalqimiz nomidan bugungi davlat mukofotlari sohiblarini yana bir bor tabriklayman. Mazkur yuksak e’tirof sizlarni yangi marralar sari yetaklasin, safingiz yanada kengayaversin, – dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Mukofotlangan yoshlar davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham o‘z bilimi, mehnati va tashabbuslari bilan Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Shu kuni Olimpiya shaharchasida Yoshlar kuni munosabati bilan konsert dasturi tashkil etildi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari