Yoshlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanadi
Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq (PI) Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida “Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishda parlamentlarning ishtiroki” mavzusida maxsus ochiq sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada turli mamlakatlar parlamentlarining yosh a’zolari, xalqaro tashkilotlar hamda soha ekspertlari BRMni milliy darajada amalga oshirishda qonun chiqaruvchi hokimiyatning o‘rni va imkoniyatlarini muhokama qildi.
Oliy Majlis Senati Raisi, BRM sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi hamraisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda BRMni amalga oshirish borasida ijtimoiy, iqtisodiy, ekologik va institutsional yo‘nalishlarda salmoqli natijalarga erishilganini ta’kidladi. Xususan, 2021 - 2025-yillarda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 5,8 foizgacha, ishsizlik darajasi esa 2020 - 2025-yillarda 10,5 foizdan 5,1 foizgacha tushdi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 18,7 foizdan 47,7 foizga yetdi.

Mazkur natijalar BRMni amalga oshirishda davlat siyosatining barcha yo‘nalishlarini qamrab olgan tizimli yondashuv shakllanayotganini ko‘rsatadi. Parlamentlar qonunchilik bazasini takomillashtirish, davlat dasturlari ijrosi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, byudjet ustuvorliklarini belgilash hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning qarorlar qabul qilish jarayoniga kengroq jalb etishda muhim o‘rin tutadi.
Sessiyada O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi hamda “Ijtimoiy rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida” rezolyutsiyalarining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, yosh parlament a’zolarining BRMni ilgari surishdagi roli, parlamentlarning yoshlar bilan ishlash mexanizmlari, yoshlarning siyosiy va ijtimoiy jarayonlardagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, BRMga erishishni jadallashtirish bo‘yicha parlamentlararo hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida yosh parlament a’zolarining BRMni amalga oshirishdagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalar almashish va samarali parlament mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha takliflar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA