Sirdaryo viloyatida 2025 yilning birinchi yarmida 1,5 ming nafarga yaqin yosh doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Ular asosan sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida mehnat faoliyatini boshladi. Bu natijalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuslari va davlat dasturlari doirasida yoshlar bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda ularning iqtisodiy mustaqilligini oshirishga qaratilgan ishlar samarasidir.

Viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi yoshlarning kasbiy malakasini oshirish, tadbirkorlikka jalb etish va yangi ish o‘rinlari yaratish yo‘nalishida qator loyihalarni amalga oshirdi. Xususan, Boyovut tumani “Ziyokor” mahallasidan 23 nafar yoshning yetti nafari turli korxonalar va fermer xo‘jaliklariga ishga joylashtirildi, qolganlari esa dehqonchilik, tikuvchilik, chorvachilik va parrandachilik yo‘nalishlarida faoliyat boshladi. Yosh tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar ajratilib, zarur sharoitlar yaratildi.

Masalan, Lazizbek Mamarozzoqov payvandchilik sohasida o‘z kelajagini ko‘rdi. Mas’ullar uni zarur asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minladi. Lazizbekning so‘zlariga ko‘ra, berilgan maslahat va ko‘rsatmalar kelajak rejalarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi xodimi Bekzod Mavlonov ta’kidlashicha, Yoshlarning bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa yoshlar orasida ijtimoiy muammolarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Davlat tomonidan tasdiqlangan “Yoshlar daftari” loyihasi va “Har bir oila — tadbirkor” dasturi kabi ijtimoiy tashabbuslar yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Bu loyiha va dasturlar yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlab, ularning jamiyatda faol ishtirokini rag‘batlantirmoqda. Shu bilan birga, oilaviy va ijtimoiy mas’uliyatni oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga ham katta hissa qo‘shmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri