Yoshlarga Navroʻz tuhfasi
poytaxtimizda yana bir yopiq basseyn foydalanishga topshirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 29 iyun kuni Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumaniga qilgan tashrifi davomida mazkur hududda yangi usti yopiq suv havzasi barpo etish taklifini bildirgan edi. Navroʻz umumxalq bayrami arafasida, aniqrogʻi 20 mart kuni Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Katta Qorasuv” mahallasi hududida yangi yopiq turdagi basseyn foydalanishga topshirildi.Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga barpo etilgan obyektning ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, yoshlar ishtirok etdi.
Mazkur majmuani qurish uchun jamgʻarma mablagʻlari hisobidan 5 milliard soʻm ajratildi. Oʻlchami 11x25 metr boʻlgan yopiq suzish havzasida murabbiylar hamda suv sporti bilan shugʻullanuvchilar uchun yuvinish, kiyinish, dam olish, tibbiyot xonalari, suvning tarkibi, sifati nazorat qilinadigan laboratoriya va eng muhimi, bolalar va oʻsmirlar oʻrtasidagi musobaqalarni kuzatib borish uchun tomoshabinlarga oʻrindiqlar ham mavjud.
Mirzo Ulugʻbek tumani 1-sonli bolalar-oʻsmirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan mazkur inshootda bir kunda 120 nafar oʻgʻil-qiz suzish sporti sirlarini oʻrganishi mumkin. Qolaversa, yangi majmua yoshlarning mashgʻulotlaridan boʻsh vaqtlarida aholiga ham xizmat koʻrsatishi koʻzda tutilgan.
Yana bir eʼtiborga molik jihat, bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga jamgʻarma tomonidan 52 turdagi 70 million soʻmlik sport jihozlari ham topshirildi.