Yoshlarga konstitutsion huquqlar xususida tushunchalar berildi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida “Konstitutsiyadagi inson qadri va ekologik huquqlar” mavzuida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda inson huquqlari, ekologik xavfsizlik va ekologik siyosatning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rniga bag‘ishlangan muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirni JIDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Odil Yusupjonov ochib, inson qadrini yuksaltirish va ekologik huquqlarni ta’minlash bo‘yicha davlat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ahamiyati va bu jarayonda yoshlarning faol ishtiroki muhim ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyada aks etgan inson huquqlarining yangi kafolatlari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish va jamiyatda ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha davlatning ustuvor vazifalari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Tadbir davomida talabalar, tadqiqotchilar va yosh mutaxassislar ekologik qonunchilik, fuqarolarning ekologik mas’uliyati, jamoatchilik nazoratining o‘rni va amaliyotdagi muammolarga oid savollarini yo‘lladi. Mehmonlar tomonidan har bir savolga huquqiy va amaliy asoslangan javoblar berildi.

Shuningdek, ekologik ta’limni rivojlantirish, universitetlar o‘rtasida hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, yoshlar o‘rtasida ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator taklif va g‘oyalar ilgari surildi. Talabalar tomonidan ekologik yoshlar loyihalari, o‘quv-amaliyot dasturlari va innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.
Tadbir yakunida “Yilning eng yaxshi ekologi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA