Yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi
Kelajak – yoshlar qo‘lida. Shu bois, ularga qaratilayotgan e’tibor, ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan yoshlarga doir siyosat ular uchun tengsiz imkoniyatlar eshigini ochmoqda desak, yanglishmaymiz.
Ana shunday zalvorli islohotlarning mantiqiy davomi o‘laroq, “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yil 1-iyunda qabul qilingan qarorga ko‘ra, AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi.
Sug‘urta polisi ta’minoti yoki 3-shaxs kafilligi asosida 100 mln. so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar bo‘yicha ajratish ko‘zda tutilgan:
– Yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘rganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi bo‘yicha o‘qish xarajatlarini moliyalashtirish uchun – 20 mln. so‘mgacha;
– Zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun – 50 mln. so‘mgacha;
– Kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun – 50 mln. so‘mgacha;
– Novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalariga – 100 mln. so‘mgacha.
Ta’bir joiz bo‘lsa, bunday imkoniyatlarga labbay deb javob bermaslikning o‘zi imkonsiz. Negaki, bundan ko‘zlangan maqsad yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligidir.
Sherbek Islomov,
O‘zA