Yoshlarga ilhom baxsh etgan uchrashuvlar
Guliston davlat pedagogika institutida “Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida yoshlar va ijodkorlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbir talabalarni kitob mutolaasiga jalb qilish, badiiy savodxonlikni oshirish va ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari bo‘lmish taniqli ijodkorlar ishtirok etdi. “Tun malikasi”, “Ajr”, “Nur kukunlari”, “Ishq” she’riy to‘plamlari muallifi Zebo Mirzo o‘z she’rlari bilan yoshlar qalbini zabt etgan bo‘lsa, o‘zbek hamda jahon yozuvchilari haqida ilmiy maqolalar va monografiyalar muallifi Adhambek Alimbekov adabiyotning tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, talabalar tarixiy janrdagi “Suyumbika” romani muallifi Risolat Haydarovaning ijod yo‘li va hayotiy tajribalari borasidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.


Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ijodkorlardan javob olish imkoniga ham ega bo‘lishdi.
Uchrashuvlar nafaqat institutda, balki talabalar turar-joylarida, shuningdek, shahardagi 8-maktabda ham davom etdi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri