30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilgan fikrlar, shubhasiz, mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan samimiy e’tibor va ishonch namunasidir. Ushbu muhim sanani yoshlarimiz yuksak qadrlaydi, chunki bu sanada ularning kelajagiga yanada mustahkam zamin yaratiladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydonda yutuqlarga erishishi yangilik bo‘lmay qoldi. Masalan, o‘tgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bilimli yoshlarimiz ilk bor top-5 talikdagi oliygohlarga kirib, tarixiy natija qayd etdi. Bugungi kunda 30 nafar yoshlarimiz dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda. Shu bilan birga, tarixiy yutug‘ – futbol bo‘yicha ilk marta Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritildi. Bular albatta, yoshlarning fidokorona mehnati va yoshlarga bo‘lgan davlat siyosati natijasidir.

Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha, yoshlarni sifatli ta’lim bilan ta’minlash, xorijiy tillarni o‘rgatish hamda zamonaviy kasblarga yo‘naltirish – bu mustaqil O‘zbekistonning eng ustuvor vazifalaridan biri. Bu borada “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yuz minglab yoshlarga malaka berilishi, xalqaro til sertifikatlarini olish ko‘rsatkichining ikki barobar oshishi yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
Iqtisodiyotimizdagi yangi loyihalar ham yoshlar uchun keng imkoniyatlar ochmoqda. Bugungi kunda yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilyapti va bu jarayon kelgusida yanada kengaytiriladi. Ayniqsa, “yashil” iqtisodiyot, energetika, muhandislik va sun’iy intellekt kabi sohalarda mutaxassislar talabi oshib, yoshlarning bilim va qobiliyatini to‘liq namoyon etishi uchun sharoitlar yaratildi.
Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan Beruniy xalqaro maktabi, “Kelajak liderlari” dasturi va boshqa ko‘plab loyihalar yoshlarni dunyoning eng nufuzli oliygohlariga tayyorlashga xizmat qilmoqda. “El-yurt umidi” jamg‘armasi grantlari iqtidorli yoshlarga yanada ko‘proq yordam ko‘rsatyapti. Shuningdek, startaplarni qo‘llab-quvvatlash va ularning rivojlanishi uchun yaratilayotgan moliyaviy imkoniyatlar, yoshlarning biznes g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishiga zamin yaratmoqda. Maktablardan tortib oliygohlargacha keng qamrovli tizim orqali yoshlarning iqtidorini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilyapti.
Davlat boshqaruviga yoshlarning faol jalb qilinishi, ular uchun stajirovkalar tashkil etilishi va rahbarlik lavozimlariga tayyorlanishi mamlakatimiz uchun katta istiqbollar ochmoqda. Jumladan, сўнгги yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha bo‘lgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. Bu kelajakda mamlakatimizning yangi va barkamol yetakchilarini yetishtirishda muhim omil bo‘lyapti.
Yoshlarning kitobxonligi, san’atga mehr-muhabbati, vatanparvarlik ruhida tarbiyalanishi ham davlat siyosatining ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois, madaniy va ma’rifiy tadbirlar orqali ularning ma’naviy dunyosini boyitishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Xalqaro maydonda ham O‘zbekiston yoshlar siyosati e’tirof etilgan. BMT tomonidan “Yoshlar – 2030” strategiyasini faol amalga oshirayotgan davlatlar qatoriga kiritilgani, shuningdek, yurtimiz shaharlarining turli xalqaro yoshlar markazlari maqomiga ega bo‘lgani bu boradagi muvaffaqiyatlarning yorqin tasdig‘idir.
Bugungi yoshlarimiz mamlakatimizning yuksalishi, uning global maydonda nufuzini oshirishda yetakchi kuchga aylanmoqda. Shu bois, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlarni to‘liq ishga solish, har bir yoshlik g‘oyani qo‘llab-quvvatlash – biz deputatlar va jamiyat oldidagi eng muhim vazifa.
Kelajak avlodning har bir yutug‘i – butun xalqimizning farovonligi, mustaqil davlatimizning barqaror taraqqiyoti garovi ekanini doimo yodda tutmog‘imiz lozim.
Otabek JIYANBAEV,
“Milliy tiklanish” DP
Toshkent shahar Kengashi raisi,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati.