Yoshlar yetakchilari yanada faol bo‘ladi
Andijon shahar hokimi G‘ofurjon Abdurahmonov mahallalarda faoliyat olib borayotgan yoshlar yetakchilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish, xatlov orqali og‘ir toifadagi, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga yordam ko‘rsatish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumki, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishi, o‘qib, puxta bilim olishi, kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berildi. Ayniqsa, uyushmagan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida Yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etildi. O‘tgan davr davomida Andijon shahrida ham yoshlar yetakchilari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganish va hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Yig‘ilishda ana shu yo‘nalishdagi ishlar, yutuq va muammolar atroflicha tahlil etildi. Shuningdek, yoshlar bilan ishlashning yangicha mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirish zarurligi alohida qayd etildi.
[gallery-18757]
Bundan tashqari, yoshlar xatlovini bekamu ko‘st o‘tkazish, mahallalarda yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish orqali ularning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbaini shakllantirish, ularning turli loyiharda faol qatnashishi, faol bo‘lishi yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari